Jamiyat | 16:59 / 06.01.2016
6195
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahridagi Inha universitetida “Ajoyib matematika” festivali boshlandi

2016 yilning 6-8 yanvar kunlari Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) tomonidan “Ajoyib matematika” (Touch Math) festivali tashkil etilmoqda. Mazkur festivalda nafaqat o‘qituvchilar va maktab, litsey va kollej o‘quvchilari, balki barcha matematika fani bilan qiziquvchilar ham ishtirok etishlari mumkin.

Festival bolalarda matematika faniga bo‘lgan qiziqishni turli xil intellektual-qiziqarli o‘yinlar, mashqlar, viktorina va mashg‘ulotlar orqali oshirishi kutilmoqda.
Festival ishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga Janubiy Koreyadan 20 nafar eng zo‘r o‘qituvchilar, professor va pedagoglar tashrif buyurishgan.

Ular matematika fanini qiziqarli va yangi uslublarda o‘qitish bo‘yicha mahalliy o‘qituvchilar bilan o‘z tajribalari bilan almashish imkoniga ega bo‘ladilar. Festivalda IUT da tahsil olayotgan 70 nafar talaba ham ko‘ngilli sifatida ishtirok etishadi.

Festivalning faxriy mehmoni, Janubiy Koreyaning Inha universiteti professori Xun Chang, giperkub va kundalik hayotimizdagi matematika to‘g‘risida bir nechta ma'ruzalar o‘qishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadbirda maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun turli tanlovlar o‘tkazish, tanlov g‘oliblariga esdalik sovg‘alari berish rejalashtirilgan.

Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, mahalliy maktab o‘qituvchilari uchun IUT va Janubiy Koreyaning Inha universiteti tomonidan algebra, geometriya va mantiqdan mashqlar to‘plami o‘rin olgan kitoblar sovg‘a sifatida beriladi.

IUTning professori Park Jyenam: «Ba'zi odamlarga matematika zerikarli fandek tuyulishi mumkin. Mazkur festival bu fikr noto‘g‘ri ekanligini va matematika qiziqarli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biz bunday tadbirlar orqali bolalarning matematika faniga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqchimiz».

7 yanvar kuni festival doirasida IUT tomonidan tashkil etilgan maktab, kollej va litsey o‘qituvchilari o‘rtasidagi matematika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Tanlov shartlariga ko‘ra, maktab, litsey va kasb-hunar kollejlarida matematika fanidan dars berayotgan o‘qituvchilar universitet tomonidan taqdim qilingan vazifalarni ingliz tilida yechishlari kerak edi.

Tanlovda dastlabki uchta o‘rinni egallagan o‘qituvchi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Eng iste'dodli tanlov ishtirokchilari Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlarida magistratura va doktorantura yo‘nalishlarida o‘qishni davom ettirish va o‘z malakalarini oshirish huquqiga ega bo‘ladilar.


Shuningdek, festivalning ikki kuni mobaynida, ya'ni 7-8 yanvar kunlari soat 10 dan 11 ga qadar 9 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “Dasturlash soati” bo‘lib o‘tadi. Unda bolalar vizual dasturlash tili - Scratch yordamida yaratiladigan o‘yinlar bo‘yicha bitta bepul darsda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Gulnoza Qosimova, O‘zDJTU talabasi