Jahon | 14:29 / 07.01.2016
13359
2 daqiqa o‘qiladi

Matbuot Olatovda yolg‘iz yashab kelayotgan “qozog‘istonlik Robinzon”ni kashf qildi

Tyanshan shimoli-g‘arbidagi Ili Olatovi tog‘larining Gorelnik darasida yashovchi 63 yoshli tarki dunyochi To‘leu og‘a Qozog‘iston OAVning qahramoniga aylandi.

Ko‘ngillilar ba'zan Anatoliy deb ataydigan To‘leu og‘a bu dunyoda o‘zini keraksiz his etib, tarki dunyo qilgan bo‘lib, endilikda o‘z hayotidan juda mamnum, deb yozadi “Kazaxstanskaya pravda” gazetasi.

U 10 yildan buyon tog‘lardagi eski kulbada yashab keladi. Tirik jonzotlardan faqat uch it u bilan birga yashaydi. Ovqatni unga ba'zan mehribon insonlar olib kelishadi, suvni esa u tog‘dagi buloqlardan oladi. Qishda u qor eritib suv oladi, o‘tinni benzinli arra bilan kesadi.

10 yil muqaddam To‘leu og‘a Olmaotadan uy-joyi va qarindoshlari yo‘qligi tufayli chiqib ketgan edi. Bu shaharga u armiyadagi xizmatidan so‘ng Sharqiy Qozog‘iston viloyatidan kelib qolgan edi. Qurilishlarda, zavodlarda ishlashiga qaramay, pensiya yoshiga yaqin u uysiz qolgan va tog‘larga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan. U yerda kimsasiz kulbani topib olib, unda yashay boshlagan.

Olatovga kelgan bir sayohatchi u bilan tanishib qolganidan so‘ng To‘leu og‘a haqida jurnalistlar, havaskorlar, sayohatchilar va ko‘ngillilar bilib qolishdi. Shundan buyon uning uyidan mehmon arimaydi.

Shunga qaramay, u asosan yolg‘izlikda yashaydi, ba'zan uch oylab sadoqatli itlaridan boshqa tirik jonni ko‘rmaydi. Pensiya pulini aql bilan ishlatib, tirikchilikka yetkazishga urinadi. Ba'zan tog‘lardan tushib, do‘konlarga kiradi va zaruriy mahsulotlarni xarid qiladi.

Ayni kunlarda unga ko‘ngillilar yordam bermoqda.