Jamiyat | 08:21 / 09.01.2016
7463
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyalik bola kriket uchrashuvini tomosha qilish paytida butun tarvuzni bir o‘zi po‘chog‘i bilan yeb qo‘ydi

Internetda Avstraliyadagi kriket uchrashuvini tomosha qilish paytida butun tarvuzni bir o‘zi po‘chog‘i bilan yeb qo‘ygan bola videosi ommalashib ketdi. Bu haqda Mashable portali xabar bermoqda.

Nashrning ta'kidlashicha, videodagi “tarvo‘zxo‘r bola” Avstraliyadagi mashhur radioboshlovchi Toni Shibechning Mitch ismli o‘g‘li bo‘lib, u o‘zining noodatiy ishtahasi bilan yon-atrofdagilarning e'tiborini tortgan.

Mitch nafaqat o‘yinni tomosha qilishdan huzur oldi, balki kattagina tarvuzni kesmasdan turib, "paqqos tushirishga" ham ulgurdi.

Bolaning bu qilig‘i odamlarni o‘ziga jalb qildi va ular uni videoga olib, internetga joylashtirishdi. Ushbu video evaziga bola yulduzga aylanib ketdi.

“Tarvuzxo‘r bola” tasvirlangan video internetda #watermelonboy xeshtegi bilan chop etildi va Avstraliya ijtimoiy tarmoqlarining yetakchi o‘rinlaridan joy oldi.

Endilikda bola turli ko‘rsatuvlarga taklif qilinib, o‘z “jasoratini” yana bir bor takrorlab berishi so‘ralmoqda. Bolaning aytishicha, u shunchalik o‘yinni tomosha qilishga berilib ketganki, hattoki tarvuzni po‘chog‘i bilan yeyayotganini payqamay qolgan.

Ko‘pchilik bolaning bu “yutug‘i” hammaning ham qo‘lidan kelavermasligini ta'kidlashmoqda.