Sport | 23:40 / 13.01.2016
9630
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston OTJ 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini mag‘lubiyat bilan boshladi

13 yanvar kuni Qatarning Doha shahridagi "Suheym bin Hammad" stadionida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini Janubiy Koreya OTJga qarshi uchrashuv bilan boshladi.

O‘yinning 17-daqiqasida o‘yin bosh hakami Fahad Al Mirdasi O‘zbekiston termasi yetakchisi Otabek Shukurovni to‘pni qo‘l bilan o‘ynaganlikda ayblab, 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Belgilangan penaltidan Mun Chang Jin unumli foydalandi va hisobni ochdi - 1:0.

Ikkinchi bo‘lim boshida Mun Chang Jin chap qanotdan boshlangan hujumni o‘ng qanotda yakunladi, u o‘tkir burchakdan darozani ishg‘ol qildi - 2:0.

56-daqiqada 2015 yil Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan Dostonbek Hamdamov jarima maydoni tashqarisidan turib, chap oyog‘i bilan chiroyli gol urgan holda hisobni qisqartirdi - 2:1.

72-daqiqada o‘yin bosh hakami maydon markazida raqib futbolchisi bilan to‘qnashib ketgan Jamshid Boltaboyevga darhol qizil kartochka ko‘rsatdi. 10 kishi bo‘lib qolgan O‘zbekiston vakillari qolgan daqiqalarda vaziyatni o‘zgartira olishmadi va dastlabki turda alamli mag‘lubiyat qayd etildi.

Guruhdagi ikkinchi bahsda Iroq olimpiyachilari Yamanni 2:0 hisobida taslim qilishdi. 2-turni O‘zbekiston OTJ 16 yanvar kuni Iroqqa qarshi o‘tkazadi. Janubiy Koreya esa Yaman bilan kuch sinashadi.

Janubiy Koreya - O‘zbekiston 2:1
13 yanvar 2016. Doxa. "Suhayim bin Hamad" stadioni
Gollar: Mun Chang Jin 20 penalti, 48 - Dostonbek Hamdamov 56
Janubiy Koreya: 1.Kim Dong Jun, 7.Mun Chang Jin (14.Li Yong Jae, 76), 8.Li Chang Min (9.Kim Xyun, 87), 20.Xvang Xi Chan, 5.Yyeon Jyei Min, 4.Song Ju Xun, 2.Sim Sang Min, 18.Jin Seong Uk (22.Kvon Chang Xun, 59), 3.Li Seul Chan, 10.Ryu Seung Vu, 6.Park Yong Vu.
O‘zbekiston: 12.Abdumavlon Abdujalilov, 6.Maksimilian Fomin, 4.Jamshid Boltaboyev, 6.Akrom Komilov, 7.Vladimir Kozak, 8.Javohir Sohibov, 19.Otabek Shukurov, 10.Jamshid Iskanderov (3.Sardor Rahmonov, 55), 17.Doston Hamdamov (13.Husniddin G‘ofurov, 80), 23.Eldor Shomurodov (9.Jaloliddin Masharipov, 67), 11.Igor Sergeyev.
Chetlatish: Jamshid Boltaboyev 72