Fan-texnika | 23:49 / 18.01.2016
14414
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik dunyoda muqobili yo‘q shamol generatori ixtiro qildi

Qirg‘izistonlik Emil Tursunov “Sham Tur” deb nomlangan shamol generatori ixtiro qildi. Qurilma mobil bo‘lib, hattoki kuchsiz shamolda ham ishlay oladi va boshqa shunday qurilmalar bilan raqobatlasha oladi.

Tursunovning aytishicha, o‘ziyurar qurilma yelkan prinsipidan foydalanadi, bu esa shamol kuchidan maksimal foydalangan holda uning uzoq ishlashi va barqarorligini ta'minlaydi, deb xabar bermoqda “Sputnik Kyrgyzstan” nashri.

“Biroq eng asosiysi – u arzon, mobil va ishlatishda oson: qurilmaning konstruksiyasini bir kishi bemalol yig‘ib, bo‘laklay oladi”, deb aytmoqda ixtirochi.

Ixtirochining ta'kidlashicha, generatorning tajribaviy modeli ishlab chiqildi, bahorgacha uning sanoat modeli ishlab chiqariladi va “Manas Ordo” majmuasida o‘rnatiladi.

“O‘z ishlanmamni keyingi yilda Ostonada bo‘lib o‘tadigan EKSPO-2017 ko‘rgazmasida namoyish qilmoqchiman”, deb aytmoqda Tursunov.

Tursunov, shuningdek, generator konstruksiyasini shamol parraklariga o‘rnatiladigan quyosh batareyalari bilan to‘ldirishni rejalashtirilmoqda.