Jamiyat | 19:15 / 19.01.2016
19880
5 daqiqa o‘qiladi

Mashhurlar hayotidan: Bernard Shou

Mashhur yozuvchi va dramaturg Bernard Shou o‘zining topqirligi hamda hozirjavobligi bilan ham ajralib turgan. Uning hayotida buni isbotlovchi misollar yetarlicha. Quyida Shou hayotidan olingan qiziqarli lavhalarni taqdim etamiz.

Bir safar notarius bo‘lib ishlovchi missis Smit Bernard Shouga quyidagi taklifnomani yuboradi: “Smit xonim seshanba kuni soat 4 dan 6 gacha o‘z uyida bo‘ladi!”. Bernard Shou esa o‘z uslubida javob beradi: “Mister Bernard Shou ham!”;

Shou 1925 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi. Ammo shu yili birorta asarini chop ettirmagandi. Bu holatga esa kutilganidek o‘ziga xos ta'rif topildi: “Bu yil asar chop ettirmay dunyo ahliga yengillik yaratganim uchun meni taqdirlashdi!”;

Bernard Shou har doim topqirlikda g‘olib chiqavermagan. Nyu-Yorkda Shouning bir pesasi namoyish etiladi. Qahramonimiz pesada bosh rolni ijro etgan aktrisaga telegramma yuboradi: “Ajoyib, noodatiy, qoyilmaqom!!!”. Quvonib ketgan aktrisa unga kamtarona javob yo‘llaydi: “Oshib yubordingiz, janob!”. Odatdagidek Shouning qitmirligi tutadi: “Men pesani nazarda tutgandim”. Aktrisaning javobi esa bundan ham oshib tushadi: “Men ham!”. Bechora Shou…

Bir safar Shou juda semiz jyentelmen bilan uchrashib qoladi. Jyentelmen o‘zini aqlli ko‘rsatgisi kelib, Shouning ustidan kulmoqchi bo‘ladi: “Janob, Sizni ko‘rgan odam Angliyada ochlik hukm suryapti, deb o‘ylab qoladi”. Shou yana o‘z uslubida: “Sizni ko‘rgan odam esa bu ochlikning sababchisi Sizsiz deb o‘ylab qoladi!”;

Bir yosh yigit Shouga murojaat qiladi: “Janob Shou, garov bog‘lashim mumkin, Siz meni eslay olmaysiz”! Shou esa qisqagina javob qiladi: “Siz yutdingiz!”;

Bernard Shou bir pesasi namoyishining antraktida sahnaga chiqadi va odamlarga murojaat qiladi: “Pesam sizlarga manzur bo‘lyaptimi?”. Zaldan ovozlar kela boshlaydi: “Ajoyib!”, “Betakror!”, “Tasanno!” Shu payt bir ovoz barchaning diqqatini tortadi: “Bema'ni!”. Shou o‘sha odamga murojaat qiladi: “Men ham shu fikrdaman, janob! Ammo ikkalamiz hammaga qarshi nima ham qila olardik?!”;

Kunlarning birida Bernard Shouga xat keladi: “Men Angliyaning eng go‘zal ayoliman. Siz esa eng aqlli erkaksiz. Biz turmush qurib, farzandli bo‘lishimiz kerak. Tasavvur qilib ko‘ring, unga mening chiroyim va Sizning aqlingiz o‘tsa, qanday ajoyib bo‘lar edi!”. Shou esa o‘ta madaniyatli tarzda javob qaytaradi: “Taklifingizdan xursandman. Ammo Siz ham tasavvur qilib ko‘ring. Unga Sizning aqlingiz va mening husnim o‘tsa, nima bo‘ladi?”;

Bernard Shouni oqsuyaklar doirasida bo‘lib o‘tgan yosh skripkachining konsertiga taklif etishadi. Kontsertdan so‘ng yosh skripkachining homiysi bo‘lgan ayol Shouga yuzlanadi: “Xo‘sh, yigitcha haqida nima deysiz?”. Shou javob qaytaradi: “Bu yigit menga Paderevskiyni eslatib yubordi!”. Ayol hayratlanadi: «Axir, Paderevskiy hech qachon skripkachi bo‘lmagan-ku!”. Shou jilmaygancha suhbatga nuqta qo‘yadi: “Xuddi shunday!”;

Texnika taraqqiyotiga bag‘ishlangan uchrashuv paytida Shou o‘kinch bilan shunday degandi: “Xuddi qushlar kabi osmonlarda parvoz qilishni o‘rganib oldik, xuddi baliqlar kabi suv ostida suzishni o‘rganib oldik. Faqat Yer yuzida odamlarday yashashni o‘rgana olmadik!”. Shou haq…

Bernard Shoudan so‘rashibdi: “Agar Milliy galereyada yong‘in chiqsa, qaysi beshta suratni asrab qolgan bo‘lardingiz?”. Ishbilarmon Shou javob shunday javob beradi: “Chiqish eshigiga eng yaqin bo‘lgan 5 ta suratni”;

Bernard Shouning quyidagi hikmati ham e'tiborga loyiq: “O‘tmishingga boqqaningda bosh kiyimingni olib, unga hurmat ko‘rsat. Kelajakka boqqaningda esa, YeNGINGNI ShIMAR!
Bahodir Anorov tayyorladi.

Mavzuga oid