Fan-texnika | 22:28 / 21.01.2016
5663
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda uch g‘ildirakli 200 ot kuchiga ega avtomobil yaratildi

AQShning Vanderhall kompaniyasi Morgan 3-Wheeler britan modeliga raqobatdosh deb atalayotgan uch g‘ildirakli Laguna deb nomlangan avtomobil yaratdi. Britan rodsteridan farqli, yangi avtomobil mototsikl dvigateli emas, balki avtomobil dvigateli bilan jihozlandi.

“Laguna” 200 ot kuchiga ega turbomotor yordamida harakatlanadi. Dvigatel 6 pog‘onali “avtomat” uzatmalar qutisi (tezliklar rul ostidagi dastak yordamida almashtiriladi) bilan juftlikda avtomobilni 0 dan 100 km/soat tezlikkacha 4,5 soniyada tezlashtira oladi. Avtomobilning maksimal tezligi 220 km/soat bilan elektronika orqali chegaralangan.

“Laguna”ning og‘irligi 703 kilogrammni tashkil qiladi. U ugleplastik panellar bilan qoplab chiqilgan alyuminiy rama negizida qurilgan. Mashinaga qo‘shimcha ravishda himoyalovchi soyabon taklif qilinmoqda, u old oyna tayanchlari va yo‘lovchilar o‘rindiqlari orqasidagi yoylarga o‘rnatiladi.

Mashinaning oldida 235/35 mm li 19 dyuymli, orqasida esa 315/30 mm li 20 dyuymli g‘ildirak disklari o‘rnatilgan. Ularga Toyo firmasi pokrishkalari o‘rnatilgan. Avtomobil Brembo tormoz mexanizmlari oldi.

Vanderhall Laguna’ning bazaviy jihozlanishi ro‘yxatiga pechkali konditsioner va o‘rindiqlar isitgichi kiradi. Qo‘shimcha haq evaziga Bluetooth’ga ega 600 vattli audiotizim taklif qilinadi.

Avtomobilning narxi 77 ming dollarni tashkil qilmoqda. Avtomobilga Vanderhall sayti orqali buyurtma berish mumkin.