Jamiyat | 20:33 / 22.01.2016
5386
7 daqiqa o‘qiladi

Daniya bog‘chalarida cho‘chqa go‘shtidan ovqatlarning joriy qilinishi musulmonlar orasida keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi

Daniyadagi Ranners shahri ma'muriyati bolalar bog‘chalarida menyuga cho‘chqa qiymasidan ovqatlarni kiritishni majburiy qilib qo‘ydi. Buning muqobili taklif qilinmadi. Daniyada istiqomat qiluvchi bir necha yuz ming musulmonlar norozilik namoyishlari uyushtirishga hozirligini ta'kidlamoqda.

Go‘shtli frikadelkalar (mitbollar), suvda qaynatilgan kartoshka va sous, qizil karam va sovuq salatdan iborat taom Daniya milliy oshxonasining muhim bo‘lagi bo‘lib, u ko‘chalarda, restoranlarda va bog‘larda sotiladi. Shuningdek, qiyma ovqat buterbrodlar ichiga solinadi. Aynan milliy taomlar yordamida daniyaliklar muhojirlar oqimiga qarshi kurashmoqchi.

Cho‘chqa go‘shtidan bo‘lgan mitbollarni bolalar bog‘chalari menyusiga kiritish-kiritmaslik masalasi barcha shaharlarda muhokamaga qo‘yilmoqda. Birinchi bo‘lib Ranners shahri hokimiyati qaror qildi: shahar kengashining 16 a'zosi tashabbusni yoqladi, 15 nafari qarshi chiqdi. Ayrimlar barcha daniyaliklar bolalikdan milliy oshxonaga o‘rganishi lozimligi va bu milliy o‘zlikni saqlashga xizmat qilishini ta'kidladi. Faqatgina musulmonlar qarshi. Bu akt islomga e'tiqod qiluvchilarga qarshi kampaniya sifatida baholanmoqda, ayrimlar ko‘chalarga chiqishga tayyorligini aytmoqda.

So‘rovlarning ko‘rsatishicha, musulmonlarning 98 foizi mazkur qarordan norozi, bu esa Daniya aholisining 5 foizi demakdir. Musulmonlarning 83 foizidan ko‘prog‘i Daniya bog‘chalari va maktablarida faqat musulmonlar yeya oladigan taomlar dasturxonga tortilishi kerak deb hisoblaydi. 25 foiz respondentlar o‘quv muassasalarida ikkita menyu bo‘lishi lozim deb hisoblaydi: ulardan biri musulmonlarga, ikkinchisi esa xristianlarga mo‘ljallanishi lozim.

Daniya Xalq partiya faollarining fikricha, gap bolalarning sog‘lig‘i, an'anaviy mitbollarning taqdiri haqida emas, balki Yevropaning islomlashtirilishiga qarshi kurash yo‘lidir.

“Cho‘chqa go‘shti qancha ko‘p bo‘lsa – musulmonlar shuncha kam bo‘ladi”, - deb ta'kidlaydi partiyaning rasmiy vakili Martin Xenrikson.

“Daniya ovqat madaniyatini, shu jumladan, cho‘chqa go‘shtidan bo‘lgan taomlarni, bolalar muassasalarida taqiqlash mumkin emas? – so‘zida davom etdi u. – Undan keyin nima qilamiz? Daniya xalq partiyasi milliy va mahalliy darajada dat madaniyatini, shu jumladan, dat ovqatini tag‘rib qilish borasida ish olib bormoqda. Bu degani, biz islom qoidalariga hamda daniyalik bolalar nima yeyishi haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlarga qarshi kurashmoqdamiz”.

“Frikadelkalar jangi” Daniyada bir necha yildan buyon davom etmoqda. 2015 yilda musulmon bo‘lgan talaba qiz o‘qish doirasida cho‘chqa go‘shti yeyishga majbur qilinganida ish sudga oshirilgan edi. Natijada muhojir oilasiga ma'naviy zarar uchun tovon tariqasida 6 ming yevro to‘lab berilgan edi.

Shu bilan birga, aynan cho‘chqa go‘shta Yevropani islomlashuvdan asrab qolishiga fransiyaliklar ham ishonmoqda. Fransiyada ham ta'lim muassasalarining ovqat menyusini shahar kengashlari yig‘ilishlarida tasdiqlamoqdalar. Shalon-syur-Son shahri ma'muriyati maktab oshxonalariga cho‘chqa go‘shtiga muqobil taklif qilmaslikka ko‘rsatma berdi. Boshqa so‘z bilan aytganda, dushanba kuni menyuda mol va kurka go‘shti, seshanba kuni tovuq va baliq go‘shti bo‘lsa, chorshanba kuni dasturxonga faqat cho‘chqa go‘shti tortiladi. Agar uni yeyishni istamasang, faqat sabzavot yeyish qoladi.

“Dastlab ularni quchoq ochib kutib olishdi. Keyin muhojir ota-onalar talab qila boshladi: bolalarimizga cho‘chqa go‘shti bermang, devorlardagi xochlar bizni haqorat qiladi, ularni olib tashlang, bolalarimiz namoz o‘qishi uchun xonalar ajratib bering. Shundan so‘ng bu ishga boshqatdan baho berildi. Bu to‘lqin muhojir bolalar va ularning ota-onalarining fe'l-atvori mahalliy aholining hiqildog‘iga kelganidan dalolat. Bizning qoidalarimiz bo‘yicha yashashni istamasangiz, ta'lim olmay qolib ketasiz”, - dedi “Din va jamiyat” axborot-tahliliy markazi prezidenti Aleksey Grishin.

Boshqa toifa siyosatchilar esa bunday radikal choralar natija bermasligidan ogohlantirmoqda. Musulmonlar baribir cho‘chqa go‘shtini yemaydi, lekin butun Yevropada yopiq musulmon maktablari tarmoqlari paydo bo‘lishi turgan gap. Bu ahvolda integratsiya ham yuz bermaydi. Yaqindagina Sharqiy Londondagi yopiq musulmon maktabidan YeI qonunchiligiga mos kelmaydigan materiallar aniqlandi: ta'minlangan oilalarning o‘g‘il bolalari boradigan maktabning darsligida ayollarni qanday jazolash haqida gap borardi.

“Ular bolalarini mahalliy maktablarga qo‘ymaydi. Ularni uyda yoki anklavlar maktablarida o‘qitadi. Eng agressiv va bebosh fe'l-atvor aynan maktab yoshidagi bolalarda kuzatiladi. Bundan tashqari, Yevropa qonunlari voyaga yetmaganlar uchun javobgarlikning juda past darajasini nazarda tutadi, shu bois ekstremistlar uchun voyaga yetmaganlarni yollash qulayroqdir”, - ta'kidladi Aleksey Grishin.

Shu bois Britaniya hukumati ayrim talablarga yon berishga majbur bo‘lmoqda. Jumladan, joriy o‘quv yilida yakuniy testlar Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani uchun ularning muddati ko‘chirildi. Axir musulmonlar ro‘za tutadi va bor bilimini namoyish qila olmaydi. Oddiy fuqarolar norozi bo‘lishdi, ammo islomlashuvdan cho‘chigan hukumat qarorini bekor qilmadi.

“Baribir Yevropaga o‘zgarishlarga tayyor odamlar yo‘l oladi. An'anaviy oilalar uyda qoladi. An'anaviy jamiyat Yevropaga kelgandayoq qonun buzilgan deb hisoblaydi. O‘zgarishlar keyinroq, nostalgiya boshlanganida yuz beradi. Vaqt o‘tishi bilan ular yana dinga berilib ketadi”, - deydi islomshunos Ozod Oxunov.

Eldor Asanov tayyorladi