Jahon | 07:49 / 29.01.2016
5226
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida gaz tashuvchi mashina poyezd bilan to‘qnashib ketdi

28 yanvarda Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida temir yo‘lning Mang‘ishlak–Beyneu qismidagi 6-raz'yezd yaqinida soat 16.30 da gaz tashuvchi mashina haydovchisi aybi bilan “Mang‘ishlak-Olmaota” yo‘nalishi bo‘yicha ketayotgan 377-yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda “Kazaxstan temir joli” milliy kompaniyasi matbuot xizmatida nur.kz portaliga ma'lum qilindi.

Poyezd mashinistining aytishicha, gaz tashuvchi mashina pereyezdda poyezd o‘tib ketishini kutib turgan bo‘lgan. Mashina haydovchisi poyezd yaqinlashayotgan paytda birdaniga harakatlanishni boshlagan. Poyezd mashinisti 50 km/soat tezlikda favqulodda tormozlanishni qo‘llagan, biroq masofa kichik bo‘lgani sabab to‘qnashuvdan qochishning iloji bo‘lmagan.

To‘qnashuv oqibatida lokomotivning birinchi seksiyasi shikastlangan. Pereyezd signalizatsiyasi qurilmasi soz holda bo‘lgan. Yong‘in chiqmagan.

Gaz tashuvchi mashina haydovchisi halok bo‘lgan, mashinist yordamchisi jarohat olgan. Ushbu holatni tergov qilish va to‘qnashuv oqibatlarini bartaraf qilish uchun voqea joyiga Mang‘istau yo‘l bo‘limi korxonalari rahbarlari yetib kelganlar.

Guvohlardan birining aytishicha, mashinist to‘qnashuvdan oldin uzoq signal chalgan. Biroq gaz tashuvchi mashina haydovchisi to‘xtamagan. Poyezd mashinaga urilib, uni 40 metrlarga sudrab ketgan. Gaz sisternasida teshik hosil bo‘lgan, biroq portlash yuz bermagan. Guvohning aytishicha, voqea joyida kuchli gaz hidi sezilgan.

Poyezd mashinisti Arap Agatayev yong‘in chiqishining oldini olish uchun pachoqlangan lokomotivdan chiqib, teplovoz seksiyalarini ikkinchi seksiyasidan ajratib, poyezdni xavfsiz masofaga olib ketgan.

“Bu payt men faqatgina yo‘lovchilarning xavfsizligi haqida o‘yladim. Bu men uchun eng asosiysi edi”, deb aytmoqda mashinist. Lokomotiv almashtirilgandan keyin yo‘lovchilar o‘z yo‘llarini davom ettirganlar.