Jahon | 19:48 / 03.02.2016
4257
2 daqiqa o‘qiladi

Tokio hayvonot bog‘ida zebrani tutish bo‘yicha o‘quv “ovi” uyushtirildi

Yaponiya poytaxti Tokio shahridagi Ueno hayvonot bog‘ida zebrani tutish bo‘yicha “ov” uyushtirildi, deya xabar bermoqda The Telegraph. Jonivor rolini hayvonot bog‘i xodimasi Yumi Tamura ijro etdi. Unga zebra niqobi kiydirildi. Shu yo‘l bilan xodima biror sabab bilan jonivorlar tutqunlikdan qochib ketsa, ular qanday qilib tutilishi ko‘rsatib berildi.

Stsenariyga ko‘ra, voler (hayvonlar uchun maxsus atrofi o‘ralgan maydoncha) buziladi va “zebra” qafasni tark etadi. Ozodlikka chiqish jarayonida u hayvonot bog‘i ishchilaridan birini jarohatlashga ham ulguradi. Shundan so‘ng zebra tinchlantiriladi va yuk mashinasi ortiladi.

Barcha jarayonni hayvonot bog‘i tashrif buyuruvchilari kuzatib borishdi. Ular zavqlanib, “maxsus operatsiya”ni suratga olishdi.

Bu kabi o‘quvlar mazkur hayvonot bog‘ida har yili tashkil etiladi. Avvalgilarida “gorilla”, “she'r”, “karkidon” boshqa “hayvonlar” tutilgan.