Jamiyat | 09:37 / 12.02.2016
7864
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik milliarder superyaxtasini "kichiklik qilgani" uchun sotib yuborgan

Londonda istiqomat qiluvchi rossiyalik milliarder Kirill Pisarev o‘ziga tegishli yaxtani "6 kishidan iborat oilasi uchun kichiklik qilgani" uchun 2012 yilda 21,7 mln dollarga sotib yuborgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda The Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, 47 metrlik yaxta "12 kishi uchun barcha shinam qulayliklarga, trenajyor zali, jakuzi va Wi-Fi’ga ega bo‘lgan". 

Bu yaxtani 2010 yilda sotib olgan tadbirkor 6 oy o‘tiboq undan ko‘ngli qolgan va unga yaxtani sotishda yordam bergan vositachilarga yaxta u, uning raqifasi va 4 farzandi uchun kichiklik qilayotganini aytgan. Pisarev uni 2012 yilda boshqa rus oligarxi Aleksandr Milyavskiyga 21,7 mln dollarga sotib yuborgan va 29 mln dollarga o‘ziga boshqa, 55 metrlik yaxta sotib olgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, yaxtaning sotilishi bo‘yicha London apellyatsion sudida Moran Yacht and Ship Inc brokerlarining milliarderga qarshi da'vo arizasi ko‘rib chiqilmoqda. Yaxtaning sotilishida yordam bergan brokerlarning ta'kidlashlaricha, milliarder ularga yaxta sotilishi uchun 900 ming dollar miqdorida vositachilik pulini bermagan.

Kirill Pisarev 1994 yilda o‘zining hamkori Yuriy Jukov bilan "PIK" developerlik kompaniyasini tashkil etgan.

\