Jahon | 17:01 / 27.02.2016
21474
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirov: Mening davrim o‘tdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov avtonom respublika rahbarligidagi vaqti tugaganini, hukumat uning o‘rniga boshqa odam topishi kerakligini ma'lum qildi. U bu haqda 27 fevral kuni NTV telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

"Rostini aytadigan bo‘lsam, men ishladim va shu kungacha o‘z vazifamni uddalab keldim. Endilikda, nomimdan xalqimga qarshi foydalanmasliklari uchun, mamlakat rahbarlari o‘rnimga boshqa odamni topishlari kerak, deb o‘ylayman. Rost aytyapman – davrim tugadi. Jamoamizda munosib vorislar, juda yaxshi mutaxassislar bor", dedi Qodirov.

U har bir insonda ma'lum bir cho‘qqi bo‘lishini va mo‘ljaldagi maqsadga yetilgach, cho‘qqidan tushilishini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldinroq ham Ramzan Qodirov respublika boshqaruvida o‘z vazifasini sidqidildan ado etib bo‘lganini, keyingi saylovga o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirmayotganini, "ammo agar, xizmat qilishda davom et, deb aytishsa, xizmatni davom ettirishini" bildirib o‘tgandi.

Uning 5 yillik muddati shu yilning 5 martida yakunlanadi. U 2011 yildan buyon Checheniston prezidenti sifatida faoliyat ko‘rsatib keldi.

Ramzan Qodirov Checheniston rahbarligi lavozimidan ketishga tayyorligini ma'lum qildi