Jamiyat | 23:41 / 04.03.2016
21064
1 daqiqa o‘qiladi

Uitni Xyuston qizining o‘limi sababi aniqlandi

Amerikalik sud-tibbiyot ekspertlari xonanda Uitni Xyuston qizining o‘limi sababini aniqlashdi, deya xabar beradi People nashri. Bobbi Kristina Braun dorilarni me'yoridan ortiq qabul qilib, o‘z hammomida suvga cho‘kishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. 

Ekspertlarning qarori Braunning tavallud topgan kunida ommaga e'lon qilindi. 4 mart sanasida Braun 23 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.

2015 yilning yanvarida Bobbi Braun va Uitni Xyustonning yagona qizi bo‘lmish Kristina Braun hushsiz holatda topildi. Miya yallig‘lanishi tufayli uni sun'iy koma holatiga tushirishga qaror qilingan.

Braun 2015 yilning yoz oyida Jorjiya shtatidagi xospis (davosi yo‘q bemorlarga tibbiy-ijtimoiy, ruhiy va huquqiy yordam ko‘rsatuvchi bepul kasalxona)larning birida o‘z yaqinlari davrasida vafot etdi.