Jamiyat | 09:32 / 01.04.2016
2906
3 daqiqa o‘qiladi

“The Exchange” tashrifiga tayyormisiz?

“The Exchange” besh nafar yigitdan iborat bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos ovoz va uslubga ega. Bu “a kapella” guruhi sanalib, u cholg‘u jo‘rligisiz qo‘shiqlar kuylaydi, ijroda xilma-xil musiqiy usullar - ritm va blyuz, rok, gospel, oprea va hip-hopni qorishtiradi. Uning tovushida har doim u qadar maromiga yetmagan, ammo jo‘shqin insoniy ovozni ilg‘aydi kishi. 

Ansambl a'zolari quyidagilar: Eyron Sperber, Alfredo Ostin, Kristofer Diaz, Jamal Mur va Richard Steyner. “The Exchange” butun dunyo bo‘ylab gastrollar uyushtirgan, Londondan Kongonggacha, Alyaskadan Dubaygacha, Vegasdan Singapurgacha, Virjin orollaridan Avstraliyagacha sayohat qilgan. 

O‘zbekistondaligi chog‘ida bu amerikalik vokal guruhi Toshkent va Samarqand musiqa kollejlarida mahorat darslari o‘tadi. U O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yosh musiqasevarlar bilan uchrashadi. 8 aprel kuni, “The Exchange” O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘zbek estradasi yulduzi Mansur Toshmatov jo‘rligidagi konsertda qatnashadi. 9 aprel kuni esa guruh konserti Toshkentdagi “Turkiston” saroyida bo‘lib o‘tadi. 

Guruh tashrifi AQSh Davlat departamentining amerikacha musiqiy janrlarni xalqaro madaniy almashuv tashabbuslari orqali namoyish etuvchi “Amerika musiqasi xorijda” dasturi doirasida tashkillashtirilgan. Qolaversa, “The Exchange” YuNeSKO shafeligida o‘tkaziladigan O‘zbekistondagi xalqaro jaz festivalining tarkibiy qismidir. 

Toshkentdagi AQSh elchixonasi “The Exchange”ni O‘zbekistonga olib kelishda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda Botir Zokirov nomidagi davlat estrada simfonik orkestri bilan hamkorlik qildi. Kontsertlarga kirish bepul bo‘lib, chiptalarni AQSh elchixonasidan olish mumkin. Musiqa shaydolari chipta buyurish uchun Tashkent-Program@state.gov manziliga xat yuborishlari lozim. Maktub yo‘llaganlarga tasdiqnoma va tafsilotlar bayon etilgan elektron xabar jo‘natiladi.