Fan-texnika | 07:33 / 01.04.2016
2246
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkdagi avtoshouda buyurtma asosida yasalgan noyob Porsche 911 Turbo yonib ketdi

31 martda Nyu-Yorkda 116-marotaba o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro avtoshouda buyurtma asosida yasalgan noyob Porsche 911 Turbo yonib ketdi. Bu haqda Fox News telekanaliga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.  

Voqea ko‘rgazma majmuasining buyurtma asosida yasalgan qimmatbaho mashinalar namoyish qilingan pastki qavatida yuz bergan. Yong‘in birdaniga chiqqan. Alangani tezda o‘chirishga muvaffaq bo‘linganiga qaramasdan, mashinaga to‘g‘rilab bo‘maydigan zarar yetdi, qolgan avtomobillarga shikast yetmagan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in chiqishiga nosoz holdagi elektroprovodka sabab bo‘lgan.

Yonib ketgan avto Porsche’ning AQShdagi filiali boshlig‘i Klaus Zellmer tomonidan "san'at asari" deb atalgandi. Uning aytishicha, mashinaning 90 foiz butlovchi qismlari avvalgi avlod modeliga nisbatan mutlaq yangi yoki tubdan modernizatsiya qilingan bo‘lgan.

Avtoshou 25 martda boshlandi va 3 aprelda yakuniga yetadi. Unda butun dunyodan mingdan ko‘proq avtomobil taqdim qilingan.