Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Filadelfiyada poyezd falokatga uchrashi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi
Amtrak temir yo‘l kompaniyasining yo‘lovchi poyezdi Filadelfiya shahri yaqinida relslarda turgan ekskavatorga kelib urilishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda jurnalistlarga Filadelfiya yaqinidagi Chester shahri o‘t o‘chirish boshqarmasi vakillari ma'lum qildi.
ABC telekompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 30 ga yaqin kishi jarohat olgan, biroq bu rasman tasdiqlanmagan. Amtrak’da ma'lum qilinishicha, poyezd Nyu-Yorkdan Savanna shahriga ketayotgan bo‘lgan. Umumiy hisobda poyezdda 341 yo‘lovchi va poyezd brigadasining 7 nafar a'zosi bo‘lgan.

Poyezd ekskavator bilan to‘qnashishi oqibatida lokomotiv relslardan chiqib ketgan. Falokat tufayli Filadelfiya va Nyu-York o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasi qisman to‘xtatilgan.
2015 yil mayida ham Amtrak poyezdi Filadelfiya yaqinida relslardan chiqib ketgandi. O‘shandagi falokat oqibatida 8 kishi halok bo‘lgandi, 200 dan ko‘proq kishi jarohat olgandi. Poyezd ruxsat berilgan tezlikdan ancha yuqoriroq tezlik bilan harakatlanayotgan bo‘lgan. Keyinroq aniqlanishicha, poyezd mashinist xatoga yo‘l qo‘ygan vaziyatda poyezdni avtomatik sekinlashtiruvchi yoki to‘xtatuvchi xavfsizlik tizimi bilan jihozlanmagan bo‘lgan.








