Jahon | 21:05 / 03.04.2016
1756
2 daqiqa o‘qiladi

San-Diyegoda parom odamlar bo‘lgan pristanga kelib urildi

AQShning San-Diyego shahrida Adventure Hornblower sayohat paromi odamlar turgan pristanga kelib urildi. Oqibatda paromdagi 7 kishi jarohat oldi: 3 kishi shifoxonaga olib ketilgan, 4 kishiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Uzunligi 45 metrdan ko‘proq keladigan parom to‘xtamoqchi bo‘lganda pristanga kelib urilgan. Pristanda bu vaqtda yuzdan ko‘proq odam bo‘lgan. Ular xavfsiz masofaga qochishga muvaffaq bo‘lishgan. Fox News telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, noxush voqeaga dvigateldagi nosozlik sabab bo‘lgan. Politsiya voqea yuzasidan tergov boshladi.

Paromning o‘zida bu paytda 144 kishi bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, kema pristanga kelib urilganda palubadagi stol va stullar ag‘anab tushgan, ko‘plab sayyohlar ham oyoqlarida turolmay yiqilib tushishgan.

Yo‘lovchilar shikastlangan paromni ular tusha oladigan joygacha olib borgan shatakka oluvchi kemani kutishlariga to‘g‘ri kelgan.