Jamiyat | 18:07 / 08.04.2016
12177
2 daqiqa o‘qiladi

"Uyda yolg‘iz" filmi yulduzi Makoley Kalkin aktyorlik faoliyatini yakunladi

"Uyda yolg‘iz" filmidagi bolakay - Kevin MakKalister roli orqali tanilgan va hozirda 35 yoshga chiqqan aktyor Makoley Kalkin aktyorlik faoliyatini tugatishga qaror qildi. Bu haqida u New York Magazine jurnaliga ma'lum qildi va o‘zining kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

"Men 35 yoshdaman va kinoni tark etmoqdaman. Boshim oqqan tomonga boraman", - dedi Kalkin jurnalistlarga.

Shuningdek, Makoley bo‘sh vaqtini san'at va o‘zlikni anglashga bag‘ishlashini bildirdi. Kalkin tasviriy san'at bilan shug‘ullanadi, hikoyalar yozadi va umuman ko‘ngli tusagan ishni qiladi. Yulduzlik onlari allaqachon tarixda qolgan bo‘lsa-da, uni jamoat joylarida haligacha tanishadi. Shu tufayl u faqat ertalabki soat to‘rtda yoki kechasi soat ikkidan so‘ng tashqariga chiqadi.

Jurnalistlar va blogerlar uning giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar iste'mol qilishi haqida ko‘p bora yozishgan. Hattoki o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida aytilgan. Undagi tushkunlik holatlari va noto‘g‘ri turmush tarzi aktrisa Mila Kunis (hozirda Eshton Katcherning turmush o‘rtog‘i) bilan munosabatlari buzilgandan so‘ng boshlangan. Ular 8 yil davomida uchrashib yurishgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida Makoley o‘zining oxirgi rolini ijro etgan. U :DRYVRS veb-serialidagi epizodda ulg‘aygan Kevin MakKalister qiyofasida namoyon bo‘lgan. U avtomobilni boshqara olmaydigan haydovchi rolida chiqqan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish