Jamiyat | 07:14 / 09.04.2016
2824
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shiqchi Sergey Lazarev konsert vaqtida hushidan ketib qoldi

8 aprelda Rossiyalik taniqli qo‘shiqchi Sergey Lazarev Sankt-Peterburgdagi "Oktyabrskiy" konsert zalida konserti vaqtida hushidan ketib qoldi. Rossiya nomidan Stokgolmda bo‘lib o‘tadigan "Yevrovideniye-2016" musiqiy tanlovida ishtirok etuvchi qo‘shiqchi muxlislariga murojaat qilayotgan vaqtda shundoqqina sahnada hushini yo‘qotdi. Ta'kidlanishicha, qo‘shiqchining boshi aylanib, u muvozanatini yo‘qotib yiqilib tushgan. Bunga uning konsertga tayyorgarchilik ko‘rish vaqtida toliqqani sabab bo‘lgan.    

Qo‘shiqchi ijodiy guruhi va muxlislari u o‘zini yomon his qilayotganini dastlab anglashmadi va bu holatni "shouning bir elementidek" qabul qilishdi.

Ushbu holat aks etgan videoda qo‘shiqchi 40 soniyacha sahnada yotganini va shundan keyingina konsertda ishtirok etayotgan raqqoslar u haqiqatan o‘zini yomon his qilayotganini anglab, unga yordam ko‘rsata boshlashgani ko‘rish mumkin.  

Qo‘shiqchining ijodiy guruhi vakillaridan birining aytishicha, Sergeyga birinchi yordam ko‘rsatilgan. Unga nashatir spirti hidlatilgandan keyin u o‘ziga kelgan. Yordamga yetib kelgan tibbiy xodimlar qo‘shiqchiga osoyishtalik kerakligini tavsiya qilishgan va shu sababli konsertni davom ettirmaslikka qaror qilingan. Ta'kidlanishicha, konsert 9 iyunga ko‘chirilgan.   

Lazarev 10-14 may kunlari bo‘lib o‘tadigan "Yevrovideniye"da "You are the only one" qo‘shig‘i bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan. Bir necha kun avval 33 yoshga kirgan qo‘shiqchi musiqiy tanlovda Rossiyani taqdim qilishdan baxtiyor ekanligini aytgandi. Bu noxush voqea uning tanlov bilan bog‘liq ijodiy rejalariga ta'sir qiladimi-yo‘qmi noma'lum, biroq ko‘pchilik uning tanlovda g‘olib bo‘lishini taxmin qilmoqda.