Jamiyat | 20:09 / 13.04.2016
2987
2 daqiqa o‘qiladi

Obid Asomov: “Konkida uchib, konsert berishni aslida biz boshlab berganmiz”

Qiziqchi Obid Asomov o‘zining instagramdagi sahifasida 90 yillarni yodga soluvchi ajoyib videoni joylashtirdi. Unda so‘z ustasining Toshkentdagi sobiq «Yubileynyy» muz saroyidagi konsertda konki uchayotganini ko‘rish mumkin.

Asomov bu lavhani bejizga yodga olib, tarmoqqa yuklagani yo‘q. U Rossiya kanalidagi “Zvyozdy na ldu”, “Tantsy so zvyozdami” kabi ko‘rsatuvlardan achchig‘i chiqib, aslida muzda uchib, konsert berishni o‘zbekistonlik yulduzlar boshlashganligini qayd etdi va buning isboti sifatida video ham joylashtirdi.

“E, maqtanishmi, maqtanish! Rossiya kanalidagi “Tantsy so zvyozdami”, “Zvyozdy na ldu” kabi ko‘rsatuvlarni ko‘rib, jahlim chiqdi. 1990 yillarda Toshkentdagi ‘Yubileynyy’ muz saroyida konki taqib, konsert berishni biz boshlaganmiz. “Yalla”dan boshlab hamma yulduzlar qatnashgan. Ha, yigit kishiga qirq hunar oz deyishganidek, konkida binoyidek uchardim. Endi muz saroyi ham yo‘q, ko‘chada uchaman desangiz, qorli qish ham. Konki jonivor devorda osilganicha turibdi!”, — deya Obid Asomov videoga izoh qoldirgan.