Jahon | 11:36 / 14.04.2016
1897
3 daqiqa o‘qiladi

Newsweek Putin bilan bevosita muloqotning ayrim jihatlarini yodga oldi

14 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan «Vladimir Putin bilan bevosita muloqot» arafasida Newsweek jurnali, ushbu muloqot tarixidagi eng qiziq murojaatlarni xotirladi.

Amerika nashri ro‘yxat boshiga nafaqaxo‘r Faina Ivanovnaning Rossiya 1867 yili AQShga sotgan Alyaskani qaytarib olish niyatidami? degan savolini qo‘yishga qaror qilgan.

«Qadrli Faina Ivanovna, Alyaskani nima qilasiz? Biz shimoliy mamlakatmiz. Hududimizning 70 foizi Shimoliy mintaqaga kiradi. Alyaska — janubiy yarim shardami? Yo‘q, u yerda ham sovuq. Shunday ekan, keling qizishmaylik», — deya javob bergan edi Putin.

O‘shanda, Putin ayrim rossiyaliklarning Alyaskani «Ays-Qrim» deb atashlaridan ham xabari borligini aytgandi.

2015 yilgi muloqotda bir ayolning murojaati ham nashr e'tiborini tortgan. Unda Putin oliy bosh qo‘mondon sifatida ayolning it sotib olishiga uning harbiy erini ko‘ndirishi lozim edi.

«Boris, iltimos, bag‘rikeng bo‘l, rafiqang it sotib olishiga ruxsat ber. Bu axir oilani mustahkamlovchi xayrli ishlardan biri», — deb javob bergandi Rossiya rahbari.

Maqolada yozilishicha, ba'zan kishilar, shunchaki minnatdorchilik izhor qilish maqsadida ham qo‘ng‘iroq qilishgan. Xususan, 2007 yilda bir ayol kishi dastlab Putinning o‘zi bilan gaplashishga muvaffaq bo‘lganiga ishona olmagan.

«Bu sizmi?» — «Men». — «Rostdanmi?» — «Ha». — «Avval ham siz edingiz, shundaymi?» — «Avval ham». — «Voy xudoyim, sizga barchasi uchun rahmat!», deya suhbatdan iqtibos keltiradi Newsweek

Bundan tashqari, Newsweek Putinning bevosita muloqotdan so‘ng, turli ko‘rinishdagi hadyalar berishini e'tirof etmoqda. Xususan, 2001 yili Krasnodar o‘lkasidagi uncha katta bo‘lmagan qo‘rg‘onga gaz quvuri o‘tkazishga ko‘rsatma bergan bo‘lsa, 2008 yili ikki nafar qizga Zolushkaniki kabi libos hadya qilgan va ularni buvisi bilan birga Moskvaga taklif etgandi.

Rossiya davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bu yil rossiyaliklarni o‘ylantirayotgan narsa, narx-navoning ko‘tarilishidir.

Maqola mualliflarining fikricha, Putin shuningdek, Suriya va Ukraina mojarolariga oid ko‘plab savollarga javob berishiga to‘g‘ri keladi. Bo‘lg‘usi parlament saylovlari ham e'tibordan chetda qolmasligi aniq.

Bundan avval, prezident Putinga yo‘llangan savollar 1 milliondan oshgani xabar qilingan edi.