Jahon | 16:49 / 15.04.2016
1784
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida Malayziya bosh vaziri hisobiga yirik summa o‘tkazilgani tasdiqlandi

Ar-Riyodda Malayziya bosh vaziri Najib Razzoqning shaxsiy hisob raqamiga homiylik yordami sifatida ma'lum miqdordagi mablag‘ o‘tkazilgani tasdiqlandi. Bernama agentligining ma'lum qilishicha, bu haqda malayziyalik jurnalistlarga Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr ma'lum qildi.

"Buning orqasida hech narsa yo‘q, biz buning evaziga biror narsa kutmagandik. Malayziya bosh prokuraturasi tergov natijalariga ko‘ra hech qanday jinoyat izlarini aniqlamaganidan xabardormiz. Ar-Riyodda "bu masala yopiq" deb hisoblanmoqda", deb aytdi al-Jubayr.

Avvalroq Malayziya bosh vaziri devonxonasidagi vazir Azalina Otman Said "2,6 mlrd ringit (630 mln dollar) miqdoridagi mablag‘ Saudiya Arabistonidan biror-bir shartsiz o‘tkazilganini" ma'lum qilgandi. Uning aytishicha, "Najib Razzoq 2013 yil avgustda 2,03 mlrd ringit (500 mln dollar) miqdoridagi ishlatilmagan mablag‘ni Ar-Riyodga qaytarib bergan".

Malayziya bosh vaziri hisob raqamida katta pullar borligi haqida birinchi marta 2015 yilning o‘rtalarida Wall Street Journal ma'lum qildi. Maqola mualliflari Najib Razzoq davlat investitsion fondi bilan bog‘liq kompaniyalardan pullar olganini ta'kidlashgan. Dastlab Najib Razzoq atrofi buni rad etgan, biroq jamoatchilik va muxolifat bosimi ostida Malayziyaning Aksilkorruptsion boshqarmasi, Markaziy banki, bosh prokuraturasi, politsiyasi vakillaridan tashkil topgan guruh tergov o‘tkazgan. Natijada ko‘rsatilgan mablag‘lar haqiqatan ham Najib Razzoq hisob raqamida aniqlangan.

Biroq Najib Razzoqning tushuntirishicha, "mablag‘lar na davlat investitsion fondi, na boshqa jamoat tashkilotlarining pullari hisoblanadi". Razzoq pullar Yaqin Sharqdagi homiylardan u boshqaradigan yetakchi Birlashgan malay milliy tashkiloti ehtiyojlari uchun olingan.