Sport | 20:28 / 16.04.2016
1858
2 daqiqa o‘qiladi

"Krasnodar" bosh murabbiyi o‘yindan keyingi intervyusini raqib muxlislari axloqsizligi tufayli tugata olmadi

O‘zbekistonlik futbolchi Odil Ahmedov to‘p suradigan "Krasnodar" klubi bosh murabbiyi Oleg Kononov Rossiya chempionatining 24-turida Grozniyda mahalliy "Terek"ka qarshi uchrashuvdan keyin "Nash futbol" telekanaliga intervyusini grozniylik muxlislar axloqsizligi tufayli tugata olmadi. Uchrashuv krasnodarliklarning 0:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Kononov muxbirning faqatgina 1-savoliga javob bera oldi.

"1-bo‘limda biz yaxshiroq o‘ynadik: hujumlar ham, imkoniyatlar ham bo‘ldi. 2-bo‘limda bizga qiyinroq bo‘ldi, "Terek" kuchli harakat qildi. Biroq biz uddalay oldik va to‘p o‘tkazib yubormadik. Biroq hujumni uddalay olmadik, sizning fikringizga to‘liq qo‘shilaman", deb aytdi Kononov.

Kononov muxbirning 2-savolini muxlislarning hayqiriqlari sababli yaxshi eshita olmadi. Keyinroq muxbirning ma'lum qilishicha, tribunalardan ular tomonga turli buyumlar uloqtira boshlangandan keyin Kononov bundan norozi bo‘lib, stadionning mikst-hududini tark etgan.

Uchrashuvdagi yagona to‘pni Fyodor Smolov kiritdi. U bu goli evaziga chempionatning eng yaxshi to‘purari Kvinsi Promesga ("Spartak", 13 ta gol) yetib oldi. Odil Ahmedov o‘yinning dastlabki daqiqalaridan boshlab oxirigacha maydonda harakat qildi va 90-daqiqada ogohlantirish oldi.