O‘zbekiston | 11:39 / 18.04.2016
3888
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zpaxtaeksport" Xitoyga paxta eksport qilish uchun sertifikat oldi

"O‘zpaxtasanoat" AJ Xitoyga paxta tolasi eksport qilish uchun talab etiladigan CIQ sertifikatini olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda review.uz sayti xabar bergan.

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur hujjatni XXR nazorat va karantin masalalari bo‘yicha byurosi (China Inspection and Quarantine bureau) taqdim etadi. XXRga paxta tolasini eksport qiluvchi tashkilot CIQ sertifikatiga ega bo‘lishi 2000 yildan majburiy hisoblanadi.

Xitoy eksport va import qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatga olib kirilayotgan barcha mahsulotlar nazorat va karantin byurosi hujjatiga ega bo‘lishi talab etiladi. Shu bilan birga, faqatgina import qiluvchining o‘zi Xitoyda mahsulotini sota olishi, qonunda belgilab qo‘yilgan.

"O‘zpaxtaeksport" AJ "O‘zpaxtasanoateksport" xolding kompaniyasi tarkibida 2015 yil oktabridan faoliyat yurita boshlab, paxta tolasini saqlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Aktsionerlik jamiyati tarkibida 21ta paxta terminali mavjud bo‘lib, unda 383 ming tonna paxta tolasini bir vaqtning o‘zida saqlash imkoniyati mavjud.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston yiliga 1 mln tonnaga yaqin paxta tolasi yetishtiradi. O‘zbekiston paxta tolasini asosan, Bangladesh, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiya xarid qiladi.

2015 yili O‘zbekiston Respublikasi paxta tolasini mahalliy fabrikalarda qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. Yaqin yillarda respublika to‘qimachilik kombinatlarida yetishtirilgan tolaning 65 foizi qayta ishlanishi rejalashtirilgan. 2015 yil oktabrida bo‘lib o‘tgan O‘zbek xalqaro paxta yarmarkasida ushbu raqamlar e'lon qilingan edi.