O‘zbekiston | 11:03 / 19.04.2016
2646
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi ko‘p qavatli uy-joylarda 900ga yaqin lift kabinalari ta'mirlandi

Toshkent shahrida iqtisodiyot tarmoqlari, uy-joy fondi va ijtimoiy soha obektlarini 2015-2016 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Ko‘p qavatli uy-joylarda qariyb 8,5 ming kirish yo‘laklari to‘liq ta'mirdan chiqarilgan, yo‘laklarning eskirib qolgan eshiklari o‘rniga 500ta temir eshiklar o‘rnatilib, 3 mingdan ortiq yo‘laklar kodli qulflar bilan ta'minlangan.

Shuningdek, 900ga yaqin lift kabinalari joriy ta'mirlanib, salkam 5,5 mingta ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari tartibga keltirilgan. 256ta bolalar va sport maydonchalari qurilgan hamda mavjud maydonchalar qayta ta'mirlangan. Bu haqda "Toshkent oqshomi" gazetasiga asoslanib, Uz24 sayti xabar berdi.

Ijtimoiy soha obektlaridan 12ta maktab, 5ta Mehribonlik uyi va internatlar mukammal ta'mirdan, 274ta maktab, 13ta Mehribonlik uylari va internatlar, 412ta maktabgacha ta'lim muassasalari va 64ta kasalxona joriy ta'mirdan chiqarilgan.

Mavsumda ko‘p qavatli uy-joylardagi issiqlik tizimlari to‘liq ishlashini ta'minlash maqsadida reja asosida 8728ta binoning issiqlik tizimlari bosim ostida yuvilgan. Tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi yetkazib beruvchi tizimlarda, transformator punktlari hamda issiqlik energiyasini yetkazib beruvchi qozonxonalarda ta'mirlash ishlari olib borilgan.