Fan-texnika | 11:20 / 21.04.2016
2521
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyliklar Tesla Model S’ning bo‘lg‘usi raqobatchisini namoyish etdi

Xitoyning LeEco internet korporatsiyasi LeSee elektromobilining prototipini ommaga namoyish etdi. Uni seriyali ishlab chiqarish Tesla Model S’ga jiddiy raqib paydo bo‘lganini anglatishi mumkin edi. Elektrokarni rasman 25 aprel kuni Pekin avtoko‘rgazmasida taqdim etishadi.

To‘rt eshikli kontsept-kar tomi to‘liq shishadan ishlangan. U go‘yoki old va orqa oyna bilan qo‘shilib ketgandek tasavvur uyg‘otadi. LeSee’da yonkuzatuv oynalari mavjud emas, ularning o‘rniga orqani ko‘rsatuvchi kameralar bilan jihozlangan. Shuningdek, odatdagi radiator qafasi ham yo‘q.

Prototipning ko‘zga tashlanadigan jihati uning S-ko‘rinishidagi asosiy va orqa yoritqich chiroqlaridir. Bundan tashqari, avtomobil avtopilot yordamida ham harakatlana oladi.
LeSee salonida knopkalar va mexanik o‘tqazgichlarni ko‘rmaysiz. Gap shundaki, old paneliga o‘rnatilgan yirik sensor displey vositasida mashinaga turli buyruqlarni berish mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, uning texnik tasnifi haqida axborotlar sir tutilmoqda. Bu borada, uning maksimal tezligi soatiga 210 km.ni tashkil etishi ma'lum xolos. LeSee’ga oid boshqa tafsilotlar vaqti kelganda oshkor bo‘ladi, albatta.

Taxminlarga ko‘ra, LeEco uchun elektromobilni seriyali ishlab chiqarish bilan Aston Martin kompaniyasi shug‘ullanadi. 2015 yilda Xitoy va Britaniyalik avtomobilsozlar anglashuv memorandumini imzolagan, unda shu haqdagi band ham mavjud edi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, elektrokar Rapide modeli bazasida «Aston»ning Gaydondagi zavodida ishlab chiqariladi.