Iqtisodiyot | 23:36 / 25.04.2016
2328
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Saudiya Arabistoni neft qazib olish hajmini ko‘paytirmoqchi

Saudiya Arabistoni o‘zining BAA bilan chegarasidagi eng katta neft koni "Shayba" hisobiga neft qazib olish hajmini yanada ko‘paytirmoqchi. Bu haqda Saudiya Arabistoni hukumatining bu qaroridan xabardor bo‘lgan manbalarga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda.

Dunyodagi eng yirik neft kompaniyasi Saudi Aramco neft hajmini kondagi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash yordamida oshirishni mo‘ljallamoqda. Bu bilan bog‘liq ishlarni may oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda. Buning evaziga kondagi neft qazib olish hajmi hozirdagi kuniga 750 ming barreldan 1 mln barrelgacha oshadi.

Neft narxining qulashi kompaniyaning investitsion dasturiga ta'sir ko‘rsatmadi. Kompaniya bosh direktori Amin Nasserning aytishicha, kompaniya neft qazib olishga investitsiya kiritishni davom ettiradi.

OPeK 1-chorak yakunlariga ko‘ra Saudiya Arabistonida kuniga olinadigan neft hajmini 10,2 mln barrelga baholadi, biroq qirollik vakillari bir necha bor neft qazib olish hajmini bir ondayoq 12,5 mln barrelgacha ko‘tarish mumkinligini ta'kidlashgan.