Sport | 09:37 / 02.05.2016
7249
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina chempionati o‘yini vaqtida «Shaxtyor» va «Dinamo» futbolchilari o‘zaro mushtlashib ketdi

Futbol bo‘yicha Ukraina chempionatining 24-turi doirasida o‘zaro uchrashuv o‘tkazgan Donetskning «Shaxtyor» va Kiyevning «Dinamo» jamoalari futbolchilari o‘yin vaqtida o‘zaro mushtlashuvga kirishgan. 

O‘yinning 78-daqiqasida «Shaxtyor» hujumchisi Eduardo kiyevliklar darvozasiga uchinchi golni urgan, bu golni nishonlash vaqtida raqib futbolchilari ularga xalaqit berishga harakat qilgan va natijada mushtlashuv boshlangan. Natijada o‘yin hakami mezbonlar vakillari Taras Stepanenko va Aleksandr Kucherni, mehmonlarlardan esa Andrey Yarmolenkoni o‘yindan chetlatgan. «Dinamo»ning ikki futbolchisi Domagoy Vida va Sergey Ribalkaga sariq kartochka ko‘rsatilgan.

O‘yin «Shaxtyor»ning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Bu o‘yin natijasi turnir jadvaliga ta'sir ko‘rsatmagan, kiyevliklar muddatidan oldin birinchi o‘rin masalasini hal qilib bo‘lgan, donetskliklar esa ikkinchi o‘rinda mustahkam joylashgan.