Fan-texnika | 20:13 / 04.05.2016
6182
2 daqiqa o‘qiladi

Xoverbordda uchish bo‘yicha jahon rekordi yangilandi

Zapata Racing kompaniyasi asoschisi bo‘lmish ixtirochi Frenki Zapata o‘tgan shanba kuni Ginnes Rekordlar Kitobiga kirdi. U xovebordda 2252 metr uzoqlikka ucha oldi (Xoverbord - skeytbordga o‘xshash moslama, g‘ildiraklari o‘rniga ikkita antigraviatori bor).

Buning uchun u o‘zi ishlab chiqqan Flyboard Air uchuvchi skeytbordidan foydalandi. Apparat soatiga 150 kilometr tezlikda uchish va 3 kilometr balandlikka ko‘tarilish imkoniga ega. Yoqilg‘i zaxirasi 10 daqiqalik parvoz uchun mo‘ljallangan. 

Frenki Zapataning so‘zlariga ko‘ra, Flyboard Air ustida hali ishlov berish jarayoni davom etmoqda, shuning uchun hozircha unda parvozlar uncha katta bo‘lmagan balandlikda va uzoqlikda amalga oshiriladi.

Rekord o‘rnatilayotgan paytda fransuz 50 metr balandlikka ko‘tarildi, uning uchish moslamasi esa soatiga 70 kilometr tezlikka chiqdi. 

O‘tgan galgi rekord parvoz uzoqligi bor-yo‘g‘i 275,9 metr bo‘lgan. Uni o‘tgan yili kanadalik Katalin Aleksandr Duru o‘rnatgan edi.