Jahon | 18:12 / 11.05.2016
8599
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Turkiya uchun vizalarni bekor qilish ishini to‘xtatdi

Yevropa parlamenti raisi Martin Shults va Assambleyaning siyosiy fraksiyalari yetakchilari YeI tomonidan Turkiyaga vizasiz tartibni joriy qilish bo‘yicha muhokamalar jarayonini to‘xtatishga qaror qilishdi, deb xabar qilmoqda Niderlandiyaning Yevroparalamentdagi deputati Yudit Sippel.

"Shultsning aytishicha, biz Turkiya hujjatlarini barcha 72 ta shart bajarilgandan so‘ng ko‘rib chiqamiz", — deya deputat so‘zlaridan iqtibos keltiradi Bryusselning EUobserver internet nashri. 

Keyinroq, Martin Shults matbuot kotibi Armin Mashmer Yevroparlament Turkiya fuqarolari uchun vizasiz tartibni joriy qilish masalasini "Anqara barcha talablarni bajarmaguncha" ko‘rib chiqmasligini tasdiqladi.

Vizalarni bekor qilish — qochqinlar masalasida rasmiy Anqara va Bryussel o‘rtasida tuzilgan kelishuv bandlaridan biridir. Unga ko‘ra, Turkiya YeIning 72ta talabini bajarishi lozim. 

Yevrokomissiya Yevroparlament va YeI kengashiga murojaat etib, agar Turkiya iyun oyi oxirigacha 72ta talabning oxirgi 5tasini ham bajargudek bo‘lsa, turk fuqarolari uchun viza cheklovlarini bekor qilishni tavsiya etgan edi. 

Korrupsiyaga batamom barham berish choralarini ko‘rish, Yevropol (Yevropa birlashgan politsiyasi) bilan operativ kelishuv yuzasidan muzokaralar o‘tkazish, Ittifoqqa a'zo barcha davlatlar sudlari bilan hamkorlik, ma'lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qoidalarni YeI me'yorlariga tenglashtirish hamda terrorizmga qarshi kurash qonunchiligini qayta ko‘rib chiqish shular jumlasidan. 

Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an Yevrokomissiya qarorini keskin tanqid qilib,  rasmiy Anqara o‘zining aksilterror qonunlarini o‘zgartirmasligini bildirdi. Shu bilan birga, turk yetakchisining aytishicha, uning mamlakati "o‘z yo‘lidan boradi".