Iqtisodiyot | 12:50 / 11.05.2016
12495
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va tayyorlash tashkilotlariga nisbatan jarimalarni keskinlashtirdi

O‘zbekiston davlat ehtiyojlari uchun mahsulotlarni rejaga muvofiq yetkazib bermagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi, mahsulotlarni qayta ishlovchi va tayyorlov tashkilotlarga nisbatan jarima choralarini kuchaytirdi. 

Xususan, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 28 apreldagi qaroriga ko‘ra, agar fermer xo‘jaligi shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotlarni turlari va muddati bo‘yicha sababsiz to‘liq topshira olmasa, tayyorlov tashkilotiga topshirilmagan mahsulot narxining 30 foizi (avvalgisi 25 foiz) miqdorida jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi. 

O‘z navbatida, tayyorlov tashkiloti ham shartnomaga muvofiq fermer xo‘jaligi mahsulotini qabul qilishdan bosh tortsa, xo‘jalikka 30 foiz (avvalgisi 25 foiz) jarima to‘laydi. 

Bundan tashqari, tayyorlov tashkilotlari topshirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun asossiz ravishda o‘z vaqtida haq to‘lamagani uchun jarima miqdori 15 foizdan 20 foizga oshirilgan. 

Hujjatda aniqlik kiritilishicha, xo‘jalik davlat ehtiyojlari uchun mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajara olmasligiga oid tavakkalchilikni sug‘urta qilishi mumkin. 

Umuman, O‘zbekistonda davlat buyurtmasi bo‘yicha paxta va bug‘doy sotib olinadi. 2016 yildan esa, 4 mln tonna miqdorida meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish ham davlat buyurtmasi ro‘yxatiga kiritilgan.