Toshkentdagi uylardan birining pod'yezdiga 10 oylik go‘dak tashlab ketildi
16 may kuni Toshkent shahri, Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining yo‘lagiga 9-10 oylik go‘dak tashlab ketilgan. Bu haqda kecha, 18 may kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri ma'lum qildi.
Bola o‘sha kuniyoq militsiya xodimlari tomonidan 3-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasiga yetkazilgan. U tashlab ketilganda uning qo‘ynida ismi yozilgan bir parcha qog‘oz bo‘lgan, unda bolaning ismi yozilgan – “Mustafo”.
Hozirda bolakay o‘zini juda yaxshi his qilmoqda. Shifokorlar uning sog‘-salomatligini bildirishgan. Unga har kuni ko‘ngillilar tomonidan tagliklar, kiyim, bolalar ozuqalari keltirib berilmoqda.
Ayni paytda bola uchun tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma tayyorlanmoqda. 23 may kuni uni bolalar uyiga topshiriladi.
"Go‘dakning noma'lum taqdir hukmiga tashlab ketilishi yuraklarni ezadi, albatta. Biroq unga g‘amxo‘rlik qilishga intilayotgan odamlarning ko‘pligi ko‘ngilni xotirjam qiladi", deydi hodisani izohlovchilardan biri.
Ushbu xabardan ta'sirlangan foydalanuvchilarning juda ko‘pchiligi moddiy yordamga tayyorligini ma'lum qilgan bo‘lsa, yaqinlari yuz o‘girgan bolani boqib olish tashabbusini bildirganlar ham talaygina bo‘ldi.
“Men ham jon deb bolajonni o‘g‘il qilib olgan bo‘lardim. Mening hatto hujjatlarim ham tayyor. Lekin, ota-onasi topilishini chin dildan istayman! Agar yaqinlari topilmasa, boqib olishga tayyorman. U mening farzandlarimga uka bo‘ladi”, - deydi kuyunchak foydalanuvchilardan biri.
Bolani tanigan yoki uning ota-onasini bilganlardan shifoxona bilan quyidagi raqam orqali bog‘lanish so‘raladi: 247-30-19