Jahon | 09:32 / 21.05.2016
13874
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Tayms-skverdagi ekrandan nyu-yorkliklarga ko‘z siqib, tezda g‘oyib bo‘ldi

Nyu-Yorkning Tayms-skver maydonida bo‘lganlar reklama ekranlaridan birida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning birdaniga paydo bo‘lgan tasviriga e'tibor qaratishdi. Tasvirdagi Putin ko‘z siqib qo‘yib, qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa shunday tez g‘oyib bo‘lgan. 

Animatsion rolik Volvo avtomobili reklamasi vaqtida paydo bo‘lgan. Bu holatni kamerasiga yozib olgan yo‘lovchi bundan eskankirab qolgan. Guvohlarning aytishicha, Putinning tasviri bir necha kun davomida reklama o‘rtasida paydo bo‘lgan.

Inforeactor saytining ta'kidlashicha, video ostida izoh qoldirayotgan amerikaliklar Putinning reklama vaqtida paydo bo‘lganiga umuman ijobiy munosabat bildirishgan. Ulardan ba'zilari bunday tasvirlarni sifatliroq tarzda ko‘proq berishni taklif qilishgan. 

Saytning fikricha, yuz bergan holat masofadan turib raqamli monitorlar ishiga aralashib, ekranlarga turli e'tiborni tortuvchi muammolar va jamoat arboblarini chiqaradigan "svitcher"larning ishi bo‘lgan.