Jahon | 20:58 / 25.05.2016
15409
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko: Savchenkoni qanday qaytargan bo‘lsak, Ukrainaga Donbass va Qrimni ham shunday qaytaramiz

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko o‘z qarorgohida uchuvchi Nadejda Savchenkoning asirlikdan qutilib vatanga qaytishi munosabati bilan tashkil etilgan marosim vaqtida uning qaytarilishi mamlakatning hududiy yaxlitligi ta'minlanishi yo‘lidagi birinchi muhim qadamga aylanishi haqida gapirgan.

"Nadejdani qanday qilib qaytarib olib kelgan bo‘lsak, Donbassni ham shunday qaytaramiz, Qrimni ham shunday qaytaramiz, Ukraina suverenitetini ham shunday tiklaymiz", deya va'da bergan Poroshenko.

Nadejda Savchenko 2014 yili Donbassda Rossiyaning VGTRK telekanali jurnalistlari Anton Voloshin va Igor Kornelyukni o‘ldirgani uchun Rossiya harbiylari tomonidan asirga olingan, 2016 yilning martida unga 22 yillik qamoq jazosi tayinlangandi. Bugun Rossiya prezidenti Vladimir Putin uni afv etish haqidagi farmonini imzoladi.

O‘z navbatida Rossiya Federatsiyasi Bosh razvedka boshqarmasining 2015 yilning mayida Donbassda ukrain harbiylari tomonidan asirga olingan jangchilari serjant Aleksandr Aleksandrov va kapitan Yevgeniy Yerofeyev Poroshenko tomonidan afv etilgan.

Natijada Ukraina va Rossiya o‘rtasida asirlar almashuvi yuz berdi.

Ayni vaqtda rossiyalik harbiylar ham Moskvaga qaytgan.

Bu asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga 24 may kuni "normand to‘rtligi" vakillari o‘rtasidagi telefon muloqoti chog‘ida erishilgan.

2016 yilning 16 martida Qrim referendum orqali Rossiya tarkibiga kirgan. Lekin Ukraina tomoni bu yarimorolni o‘z hududi sifatida biladi.