Jahon | 09:30 / 27.05.2016
17034
2 daqiqa o‘qiladi

G7 sammiti ishtirokchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni davom ettirishga chaqirdi

G7 sammiti yakunlariga bag‘ishlangan va bugun e'lon qilingan deklaratsiyada "Katta yettilik" Rossiya bilan munosabatlarda qabul qilingan sanksiyalar davom ettirilishini qo‘llab-quvvatlashi ifodalangan.

Hujjatda G7 Ukraina janubi-sharqidagi vaziyatdan xavotirlarini bildirgan va Qrimning Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi tan olinmasligi ifodalangan.

"Ukrainadagi muammo faqat diplomatik yo‘l bilan xalqaro qoidalarga amal qilingan holda hal etilishi mumkin. Ukraina hududiy yaxlit va mustaqil davlat", deyiladi hujjatda.

Bu muammo yuzasidan Rossiyaga qarshi qo‘llangan sanksiyalar Minsk kelishuvlariga amal qilingandagina olib tashlanishi ta'kidlangan. Hujjatda Rossiyaga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanishi ehtimollari ko‘rib chiqilishi aytilgan.

"Biz Minsk kelishuvlari, "Normand to‘rtligi" formatidagi hamda Uch tomonlama kontakt guruhi qarorlariga amal qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz", deyiladi hujjatda.

Hujjat mualliflari Rossiya bilan dialogning muhimligini alohida qayd etishgan.

Sammitda global iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, terrorizmga qarshi kurashish, qochoqlar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyatlar beshta sessiyada muhokama etilgan mavzular bo‘ldi.

Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abe raisligida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida AQSh prezidenti Barak Obama, Fransiya prezidenti Fransua Oland, Germaniya kansleri Angela Merkel, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron, Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ishtirok etishdi.

Sammit yakunida Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi 2017 yilgi "Katta yettilik" sammiti 26-27 may kunlari Italiyada o‘tkazilishini ma'lum qildi.