Jamiyat | 15:42 / 31.05.2016
15537
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik qurilishi yakunlandi

Xitoyning janubi-sharqidagi Xunan provinsiyasida dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Yangi ko‘prik Tyanmenshan milliy parkida Chjantszyatsze darasidan 300 metr balandlikda qurilgan, deya xabar beradi South China Morning Post.

Ko‘prikning uzunligi 393 metr, kengligi esa olti metrga teng. Shisha polli qurilma bir vaqtning o‘zida 800 nafar kishini ko‘tara oladi. Ko‘prik omma uchun iyul oyida rasman ochiladi. 

Ko‘prik qurilishi 2015 yil oxiriga qadar nihoyasiga yetishi taxmin qilingan edi, biroq bu ishlar joriy yilning may oyida tugatildi. Ko‘prikning ochilish marosimi kuchli yomg‘ir tufayli qoldirilgan edi. 

27 may kuni yangi ko‘prik 99 foiz tayyor ekanligi to‘g‘risida ma'lum qilingandi. Ko‘prik banji-jampingga (tanaga bog‘langan ip bilan sakrash) mo‘ljallangan platforma hamda uchta balandlikda uchiladigan arg‘imchoq bilan jihozlangan.

Chjantszyatsze milliy bog‘i tashrif buyuruvchilarni tabiat manzaralari bilan o‘ziga jalb etadi. Masalan, ushbu tabiat manzaralari Jyeyms Kemeronning  «Avatar» filmida namoyish etilgan.