Sport | 22:17 / 02.06.2016
6057
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyat BO‘FMda bolalar kuniga bag‘ishlangan turnir yakuniga yetdi

Andijon shahrining Bo‘ston dahasida joylashgan viloyat BO‘FMda Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan musobaqa tashkil etildi. Musobaqada muassasada tarbiyalanayotgan 2005-2006 yillarda tug‘ilgan yosh futbolchilardan iborat 12ta  jamoa ishtirok etdi. 

Futbol maktabi “Andijon PFK” qoshida tashkil etilganligi bois, uchrashuvlarni klub mutasaddi va futbolchilari ham kuzatib bordi. 

Bahslar davomida tarbiyalanuvchilar ichida ko‘plab iqtidorlar kashf qilindi. Musobaqaning eng zo‘r o‘yinchilari deb Shohjahon Yorqinboyev va Muhammadqodir Rustamov topildi va ularning harakatlari mutaxassislarda juda iliq taassurot qoldirdi.

Final o‘yinida Muhammadrasul To‘htasinov va Muhammadjon Yusupov murabbiyligida shug‘ullanuvchi ikki jamoa to‘qnashib, birinchi murabbiy shogirdlari 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Tantanali tadbirda ishtirokchilarni “Andijon PFK” rahbari Ma'rufjon Abdusalomov, viloyat “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati mutasaddisi O‘tkirbek Toshpo‘latov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Iskandar Galiulin va muassasa direktori Bekzodbek Karimov bayram bilan tabriklab, musobaqa g‘olib va sovrindorlariga fahriy yorliq va estalik sovg‘alari topshirdilar. Taniqli futbolchimiz Vagiz Galiulinning otasi fahriy murabbiy Iskandar Galilulin musobaqaning eng yaxshi hujumchisiga farzandining shaxsiy sovg‘asini topshirdi. “Andijon” klubi futbolchilari Davron Tursunov Ibrohim Otaxonov va Farhod Bekmuratov boshqa nominatsiyalarda o‘zini ko‘rsatgan o‘yinchilarga sovg‘alar ulashishdi.   

"Bayram munosabati bilan tashkil etilgan musobaqada ko‘plab iqtidorlar voyaga yetayotganiga guvoh bo‘ldik. Bolajonlarning “Andijon” klubida to‘p suruvchi mahoratli futbolchilar bilan uchrashib, ulardan sovg‘a olishlari haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi", - deydi BO‘FM direktori Bekzodbek Karimov.


Elmurod Ermatov, Andijon