Jahon | 10:31 / 04.06.2016
9813
3 daqiqa o‘qiladi

Parijdagi toshqinlar: Luvr muzeyi eksponatlari evakuatsiya qilinmoqda

Xorijiy OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Fransiyadagi suv toshqinlari oqibatida Parijdan janubda joylashgan Nemur shahri eng ko‘p talofat ko‘rdi, bu yerdan 3 ming kishi evakuatsiya qilingan. Butun mamlakat bo‘ylab esa 5,5 ming kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Fransiyaning 26 ta departamenti, jumladan Parijda oxirgidan bitta oldingi – zarg‘aldoq trevoga darajasi e'lon qilingan, uch kishi halok bo‘lgan. Yaqin orada hukumat bir qator hududlarda favqulodda vaziyat e'lon qiladi, bu chora bu hududlarga shoshilinch moliyaviy yordam berishga imkon beradi. 

Parijda Sena daryosi suv sathi 5 metrgacha ko‘tarilgan. Sinoptiklarning aytishicha, bu hali chegara emas: agar yog‘ingarchilik hafta oxirigacha davom etsa, daryodagi suv sathi 5,7 metrgacha ko‘tarilishi mumkin.

Parijdagi ko‘plab binolarning birinchi qavatlari suv ostida qolgan. Biroq eng katta xavf ostida Sena daryosining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan jahonga mashhur Luvr muzeyi qolmoqda. Muzeyning yerto‘la qismidagi omborlarda saqlanuvchi eksponatlarga ziyon yetishi mumkinligi sababli muzey ma'muriyati ularni zudlik bilan evakuatsiya qilishga qaror qildi. Muzey yopib qo‘yildi, uning xodimlari shoshilinch javob berish xizmatlari vakillari bilan nodir san'at asarlarini yuqori qavatlarga ko‘chirmoqdalar.

Daryoning chap qirg‘og‘ida, suvdan bor-yo‘g‘i bir necha metr uzoqlikda joylashgan Orse muzeyi ham yopib qo‘yildi. Shaharda temir yo‘l qatnovi qisman to‘xtatilgan va kemalarning harakatlanishi to‘liq taqiqlandi. Suv sathining 5-6 metrlik ko‘tarilishi parijliklarning hayotini jiddiy tarzda murakkablashtirayotgan bo‘lsa-da, bu rekord ko‘rsatkich emas. 1910 yilda Senadagi suv sathi 8,62 metrgacha ko‘tarilgan.

Fransiyalik mutaxassislarning fikricha, dam olish kunlari vaziyat o‘zgarishsiz qoladi, biroq keyinga haftadan yaxshilanishi boshlanadi.