Jahon | 21:02 / 05.06.2016
24762
2 daqiqa o‘qiladi

Qurolli to‘daning Aqto‘bedagi harbiy qismga hujum boshlashi tasvirlangan video paydo bo‘ldi

YouTube portalida Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida qurolli guruh tomonidan harbiy qismga hujum qilinishidan oldin qism yaqinidagi ko‘chada qurollangan kishilarning to‘planayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Bu video ko‘cha kamerasiga yozib qolingan.

Bundan oldinroq, internetda huquq tartibot organlari xodimlari va jinoyatchilar o‘rtasidagi otishmalar videotasvirlari paydo bo‘lgandi. Unda politsiyachilar avtomobillari ortida joylashgan huquq tartibot organlari xodimlari yo‘lni to‘sib olgan holda aksilterror amaliyot o‘tkazayotganini ko‘rish mumkin.

5 iyun kunining ikkinchi yarmida noma'lum shaxslar Aqto‘bedagi qurollar sotiluvchi 2ta do‘konga bostirib kirishdi va sotuvchilardan birini o‘ldirib, yana birini yaralashdi. Qurollarga ega bo‘lgan guruh harbiy qismga hujum qilgan va bu yerda 2 harbiy xizmatchini o‘ldirib, 9 kishini yaralashgan. Shuningdek, hujum qiluvchilardan 3 nafari yo‘q qilingan va biri qo‘lga olingan.

Hujum qilganlar radikal oqim a'zolari ekani aytilgan.

Ayni vaqtda Aqto‘beda favqulodda joriy etilgan, savdo markazlari va yirik do‘konlar yopilgan, barcha ko‘ngilochar tadbirlar man qilingan, jamoat transporti harakati to‘xtatilgan.

"Bir nechta jinoyatchilarni qo‘lga olish uchun harakatlar davom ettirilmoqda, ba'zi jinoyatchilar yashirinishga ulgurgan", deya ma'lumot bergan Qozog‘iston IIV matbuot xizmati vakili Almas Sadubayev.

Politsiya odamlardan ko‘chaga chiqmaslikni so‘ramoqda. Xabar qilinishicha, shaharda internetga cheklovlar kiritilgan.