Sport | 18:47 / 08.06.2016
14457
2 daqiqa o‘qiladi

Mourino va farrosh ayol futbol ekspertlarini dog‘da qoldirishdi

«Manchester Yunayted» klubi bosh murabbiyi Joze Mourino Buyuk Britaniyadagi Top Eleven telekanalining «Futbol kundaligi» tok-shousida yetakchi tahlilchilarni «chuv tushirdi». 

Portugaliyalik mutaxassis teleshouda ishtirok etib, yashirin xonada o‘tirgan holda, boshqalarga bildirmasdan maxsus vosita orqali farrosh ayolga yordam berib turdi.

Videoda jurnalistlar oldindagi Yevropa chempionatida qaysi jamoa yoki qaysi futbolchi yaqqol ajralib turishi haqida fikr almashishadi.

Farrosh ayol esa studiyada o‘tirgan mutaxassislarning futbol haqidagi bahsiga "tasodifan aralashib", o‘zining aniq va teran fikrlari, futbol haqidagi bilimi bilan yig‘ilganlarni hayratga soladi.

Masalan, boshlovchi ekspertlardan chempionatda qaysi futbolchi porlashini haqidagi fikrini so‘raydi. Ulardan biri Koke, Kevin de Bryuyne va Antuan Grizmanning nomini keltiradi. Ikkinchi mutaxassis esa Antoni Marsiyalni eslatadi.

Turnir favoriti haqidagi so‘rovga esa ekspertlardan biri Germaniya yaqqol ajralib turganini aytgan, boshqa biri esa Fransiya nomini keltiradi.

Shu vaqtda esa farrosh suhbatga qo‘shiladi va baralla ovoz bilan "Avstriya" deydi. U quloqchin orqali diktovka qilib turgan Mourinoning gaplarini takrorlay boshlaydi va Avstriya terma jamoasining imkoniyatlari haqida so‘zlaydi (saralash bosqichidagi 9ta g‘alaba, tarkibdagi futbolchilar nomlari).

Kim turnirda "qora toychoq" rolini bajarishi haqidagi savolga esa Angliya va Uels nomlarini sanashadi. Farrosh xonim tomonidan esa "Polsha" so‘zi yangraydi. U polshaliklar saralash bosqichida ikki marta Germaniya terma jamoasini yenggani, ularning tarkibidagi Levandovskining imkoniyatlari haqida gapiradi.

Ko‘rsatuv yakunida Mourino yashirin xonadan chiqadi, shundagina ishtirokchilar aslida gap nimadaligini anglashadi va bu hazilni kulgi bilan qabul qilishadi.