Sport | 02:17 / 11.06.2016
10759
3 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2016. Fransiya birinchi o‘yinda Ruminiya ustidan g‘alaba qozondi

Yevropa chempionatining ochilish o‘yinida mezbon Fransiya Ruminiyaga qarshi maydonga tushdi va qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi. Uchrashuv so‘ngida Dimitri Payye tomonidan urilgan gol Fransiyaga g‘alaba keltirdi. 

Mezbonlar hali maydonga moslashib, ruhiy bosimdan chiqib ketmaslaridan avval Ruminiya hujum uyushtirishni boshladi va ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratdi.

Keyinchalik Desham shogirdlari tezda o‘zlariga kelishdi va tanaffusga qadar kichik ustunlikka ega bo‘lishdi. Dastlab Jiru yaqin masofadan bosh bilan darvozaga aniq zarba bera olmagan bo‘lsa, Grizmanning boshda bergan zarbasini ustun o‘ziga qabul qildi. 

Ikkinchi bo‘limning debyutini Ruminiya yana shunday hujumkor ruhda boshladi — Stanku raqib jarima maydonchasi ichida to‘pni ko‘kragi bilan qaytardi, ammo zarba bera olmadi. Payyening bir-biridan ajoyib uzatmalari nihoyat naf keltirdi. Dastlab Pogbaning kuchli zarbasini ruminlar posboni qaytargan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmasdan to‘pga ega chiqqan Payye o‘ng qanotdan turib yuqorilatib bergan uzatmani Jiru bosh bilan darvoza to‘riga yo‘llab, hisobni ochdi.

Oradan ko‘p o‘tmasdan Viktor Kashshai Fransiya darvozasi tomon penalti belgiladi. Bu vaziyatda Evra jarima maydonchasi ichida Bogdan Stankuni yiqitgandi. Jabrlanuvchining o‘zi zarbani aniq ijro etdi. 

Asosiy vaqt tugashiga 1 daqiqa qolganida Dimitri Payye raqib jarima maydonchasi tashqarisida to‘pni qabul qildi va himoyachilar orasida bo‘lishiga qaramay birdaniga zarba berdi va Teterushanuni ojiz qoldirdi - 2:1.

Yevro-2016. "A" guruhi, 1 tur.

Fransiya – Ruminiya 2:1
Gollar: Jiru 58, Stanku 65, Payye 89.
Ogohlantirishlar: Kirikesh 32, Rats 45, Jiru 69, Popa 78.

Fransiya –Loris, Koselni, Evra, Sanya, Rami, Matyuidi, Kante, Payye (Sissoko, 90), Pogba (Marsyal, 77), Grizmann (Koman, 66), Jiru.

Ruminiya – Teterushanu, Kirikesh, Rats, Sepunaru, Grigore, Stanchu (Kipchu, 72), Xoban, Pintiliy, Popa (Torjye, 82), Stanku, Andone (Alibek, 61).

Manba: tribuna.uz