Jahon | 16:57 / 13.06.2016
27536
3 daqiqa o‘qiladi

Orlandolik qotilning o‘zbekistonlik sobiq rafiqasi erining kaltaklarini yodga oldi

Amerikada, Floridadagi ommaviy qotillikda ayblanayotgan Omar Matinning sobiq xotini uning sog‘lig‘ida ruhiy jihatdan jiddiy muammolar bo‘lgani hamda eri unga nisbatan tajovuzkorona munosabatda bo‘lganini aytib o‘tdi.

Orlandodagi tungi klubda 50 kishini o‘ldirgan 29 yoshli Omar Matin avval o‘zbekistonlik Sitora Yusufiyga uylangan bo‘lgan. U sobiq erining yovuz xulq-atvori va beqaror ruhiy holati haqida so‘zlab berdi.

Sitora The Guardian nashriga bergan intervyusida 2009 yilda Omar Martin bilan internet orqali tanishganini aytgan. Tanishuvdan bir necha hafta o‘tib, u Omarga turmushga chiqishga rozilik bergan va Floridaga ko‘chib o‘tgan. Juftlik yigitning oilasiga tegishli Fort-Pirsdagi uyda yashagan. Biroq bir necha oydan so‘ng Sitoraning ota-onasi qizining kaltaklanayotganidan xabar topib, uni bu yerdan olib ketgan. Juftlik 2011 yilda rasman ajrashgan. 

Sitoraning ma'lum qilishicha, dastlab Omar oddiy odamdek tuyulgan, ammo keyinchalik o‘zining beqaror xulq-atvorini ko‘rsata boshlagan.

"Uyga kelib, shunchaki kir yuvishni tugatib ulgurmaganim uchun ham kaltaklab ketardi. Ota-onam meni undan tortib olib ketishdi", - deya tan oladi u.

Matin voyaga yetmaganlarning qamoqxonasida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, bundan tashqari trenajyor zaliga tez-tez chiqib turgan. Qizning yodga olishicha, u kamgap bo‘lgan, ammo u qadar dindor bo‘lmagan. Ayolning ta'kidlashicha, Omarning terrorchi tashkilotlarga aloqasi bor yo yo‘qligini aytish qiyin.

"Har holda u menga buni bildirmagan", degan Sitora. 

Sitora o‘sha paytlarda Omarning qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan o‘qotar quroli bo‘lganligini aytdi.

"U politsiyachi bo‘lishni istardi", - dedi jinoyatchining sobiq xotini.

U Matinda bipolyar buzilish bo‘lgani hamda oxirgi 7-8 yil ichida ularning orasida hech qanday munosabatlar bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.

"Uning qilgan jinoyatini aytishganida hayratga tushdim", - dedi Sitora. 

12 iyunga o‘tar kechasi Omar Matin Orlandodagi klubda 50 kishini otib, 53 nafari kishiga tan jarohatlari yetkazdi.