Fan-texnika | 11:36 / 20.06.2016
6643
2 daqiqa o‘qiladi

Elon Mask Qozog‘istondagi suv toshqinida Tesla'ning suzishi aks etgan videoga izoh berdi

17 iyun kuni internet tarmog‘ida Tesla Model S haydovchisi suratga olgan videolavha paydo bo‘lgan edi. Unda elektromobil yo‘lida uchragan yirik ko‘lmakni bemalol ortda qoldirgani aks etgan. Lavhaga berilgan ovozli izohga ko‘ra, lavha shu kunlarda Olmaotada surunkali yomg‘irlar yog‘ishi jiddiy suv toshqiniga sabab bo‘lgan. 

Elektromobil egasining o‘rtog‘i Sanjar Altayev videoni tarmoqqa joylashtirar ekan, Tesla haydovchilari bu kabi suv toshqinlarida ustunlikka ega bo‘lishini ta'kidlagan. 

U Olma-otada dahshatli jala quyganini aytib, barcha yo‘llar suv ostida qolgani, ko‘plab haydovchilarning mashinasi, motorga suv kirgani bois, toshqinda qolib ketganini ma'lum qilgan. 

"Ammo, Tesla egalari bundan xavfsirashmaydi, - deydi Sanjar. - Chunki elektromobilning na dvigateli, na karbyuratori bor. Bundan tashqari, radiator va havotortgichi ham yo‘q. Unda faqat yaxshilab mahkamlangan elektromotor bor xolos. Tesla'ning o‘zi toshqinga duch kelib qolsa, suzishni boshlaydi. Bizga har qanday ob-havo cho‘t emas"!

Qayd etish joizki, ushbu videolavhani g‘arb OAV tezda shov-shuv qilib yuborish barobarida, garchi suv texnikani birdaniga nosoz holatga keltirmasa-da, har qanday mexanika va elektronikaga salbiy ta'sir etishidan ogohlantirishgan.
 
Yelectrek.com nashrining Tesla elektromobili suzishiga oid xabarini ilg‘agan Tesla Motors bosh direktori Elon Mask Tvitterdagi sahifasida, videolavhaga havola berib, uning kompaniyasi mashinadan bunday foydalanishni tavsiya qilmasligini ta'kidlab, ammo Model Sni qisqa muddatga «qayiqqa aylantirish», mumkin degan fikrni bildirgan.