Jamiyat | 12:41 / 20.06.2016
9002
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda alkogol va tamaki sotuvchilariga xaridorning yoshini aniqlashtirish majburiyati qo‘yildi

O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10 iyundagi qarori (pdf) bilan mamlakat hududidagi chakana savdo qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Bundan buyon alkogolli va tamaki mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanuvchi sotuvchilar ko‘rinishi yigirma yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning yoshini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa alkogolli mahsulotlarni va tamaki mahsulotlarni sotishni rad etishi shart hisoblanadi.

Bundan tashqari, yangi tartiblarga ko‘ra alkogol va tamaki mahsulotlarini savdo avtomatlari orqali sotish hamda alkogol va tamaki mahsulotlariga o‘xshash ko‘rinishdagi bolalar o‘yinchoqlari va shirinliklarini sotish man qilinadi.

Alkogolli mahsulotlar sotish joylarida alkogolli ichimliklar 20 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotilmasligi, alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlarining inson sog‘lig‘iga salbiy ta'siri to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi yozuvlar bo‘lmagan holatlarda sotish taqiqlandi.

Bu taqiq alkogolli mahsulot idishida yoki tamaki mahsulot qutisida (o‘ramida) alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlarining inson sog‘ligiga salbiy ta'siri to‘g‘risidagi matn yoki rasm shaklidagi tibbiy ogohlantirish mavjud bo‘lmagan holatlar uchun ham tegishlidir.

Xuddi shunday talablar O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalariga ham kiritildi. Qo‘shimcha ravishda, qoidalarda umumiy ovqatlanish joylarida alkogol mahsulotlarini olib chiqib ketish uchun sotish taqiqlandi.