Fan-texnika | 15:16 / 25.06.2016
6831
3 daqiqa o‘qiladi

Boston Dynamics kompaniyasi xizmatkor robot-SpotMini’ni yaratdi

Boston Dynamics muhandislik kompaniyasi robot texnikasiga ixtisoslashtirilgan navbatagi yangilik - SpotMini yaratdi. Ushbu SpotMini tashqi ko‘rinishi jihatidan hayvonlarni eslatib, ko‘proq itga, jirafaga o‘xshashligi bilan ajralib turadi.

Ammo u shunchaki uy hayvonlarini eslatuvchi oddiy robot bo‘lib qolmay, xonadoningizdagi ayrim uy-ro‘zg‘or ishlarini mustaqil ravishda bajaruvchi xizmatkor hamdir.

SpotMini o‘zining bo‘yin-manipulyatori orqali istalgan uy ro‘zg‘or anjomini joyidan qo‘zg‘atib, boshqa bir obektga ko‘chirib qo‘ya oladi. Masalan, iflos shisha idishni yuvgich mashinasiga solib qo‘yishi mumkin yoki aksincha.

Yumshoq divandan turishga eringan paytlaringizda, limonad idishini olib berib,  sizga o‘zini yaxshi xizmatkor sifatida namoyon qilishi mumkin. 

SpotMini sensorga xos bo‘lgan ko‘plab xususiyatlarni o‘z ichiga olib, hisoblagich, kameradan iborat. Bu esa unga harakatlanish mumkin bo‘lgan maydonni aniq belgilab olishiga yordam beradi. 

Manipulyator — robot bo‘yni — uch o‘lchovli giroskop bilan jihozlangan bo‘lib, SpotMini’ning  boshini tana harakati bo‘ylab bir maromda tutib tura oladi. Ammo shuni aytish lozimki, xuddi boshqa robotlar singari SpotMini ham yiqilib tushish xavfidan himoyalanmagan. Biroq sirg‘anchiq pol yoki yerda yotgan banan po‘choqlari esa robot uchun muammo emas.

Yiqilishidan avval u o‘zini qutqarishga kirishadi va zudlik bilan o‘zidagi mujassam bo‘lgan himoya dasturini ishga soladi. 

Shuningdek, zinalar bo‘ylab ko‘tarilish ham SpotMini uchun muammo emas. SpotMini’ning harakatlanishi uchun ketadigan quvvat esa yarim soatga yetadi.

Bu vaqt davomida siz robot bilan o‘ynash yoki uyingizdagi muhim yumushlarni unga bajartirishingiz mumkin.