Jahon | 16:24 / 25.06.2016
13639
8 daqiqa o‘qiladi

Inglizchasiga xayrlashuv

28-29 iyun kunlari Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakat rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi bilan bog‘liq masala muhokama qilinadi. Yevropa Ittifoqi tuzilmalarining rahbarlari Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan referendumda mamlakatning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi borasida qabul qilingan qarordan afsusda ekanini aytishmoqda. Endilikda Yevropa rahbarlari Buyuk Britaniya bilan aloqalar qay yo‘sinda yo‘lga quyilishi borasida o‘ylashlari kerak bo‘ladi.

Kuzatuvchilarning fikricha, avvaliga Bryusselda referendum natijalari shunday yakunlanishiga hech kim ishonmagan edi. Chunki Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligi saqlanib qolishi uchun o‘tkazilgan tashviqot ishlariga katta kuch tashlangan edi. Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlarning rahbarlari bilan Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron o‘tkazgan muzokoralarida ular referendum natijalari qanday bo‘lishidan qatiy nazar uni qo‘llab-quvvatlashlarini aytishgan. Buning uchun Devid Kemeron ularga minnadorchilik bildirdi. Juma kuni Britaniya bosh vaziri Yevropa Kengashi prezidenti Donald Tusk, Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Fransua Olland, Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi, Irlandiya bosh vaziri Enda Kenni va Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte bilan telefon orqali suhbatlashdi. Ularning hammasi bundan keyin ham Buyuk Britaniyani qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan.

Shu bilan birga Yevropa Ittifoqi tuzilmalarining rahbarlari britaniyaliklarning qarorini xurmat qilishlarini ta'kidlashmoqda. Ular “endilikda Yevropa Ittifoqi Buyuk Britaniya bilan aloqalari qanday bo‘lishi kerak?” degan masalani muhokama qilishmoqda. Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker, Yevropa Kengashi raisi Donald Tusk, Yevroparlament spikeri Martin Shults va Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte qo‘shma bayonot qabul qildilar. Unda Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi bilan bog‘liq jarayon cho‘zilib ketmasligi aytiladi.

Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqqaniga qaramay Buyuk Britaniya jaxondagi yetakchi kuchlardlan biri bo‘lib qolaveradi. Bu xaqda Buyuk Britaniyaning BMTdagi doimiy vakili Mettyu Raykroft bayonot berdi. Uning aytishicha, mamlakatni Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqish jarayonlari ikki yil davom etishi mumkin. Shu davr maboynida Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqining to‘laqonli a'zosi bo‘lib qolveradi.

Ayni damda “Ittifoq saflaridan chiqishi borasida London qachon rasman murojaat qiladi?”, degan savol o‘rtaga tashlanmoqda. Tahlilchilar bu jarayon imkon qadar tezroq boshlanib, tezroq yakunlanishi lozimligini ta'kidlashadi. Muzokoralar cho‘zilib ketgudek bo‘lsa, u holda Yevropadagi siyosiy va moliyaviy barqarorlikka ziyon yetishi mumkin ekan.

Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar xuquqiy va savdo-sotiq nuqtai nazaridan o‘zgarmaydi. Lissabon Bitimining 50 moddasi Muzokoralar jarayoni tugagunga qadar amalda bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, Bitimning 50 moddasiga ko‘ra Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi borasida rasman ariza berishi kerak. Ariza berilgandan keyin muzokoralar jarayoni ikki yil davom etadi. Ayni shu muddat tugaganidan keyingina Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan rasman chiqqan bo‘ladi. Biroq ikki yildan keyin muddat yana uzaytirilishi mumkin. Hozircha London Yevropa Ittifoqiga ariza bilan rasman murojaat qilmadi. Qachon ariza berishi ham noma'lum. Shu sababli ham Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqining a'zosi sifatida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarib turibdi. Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, 50 moddaga binoan Yevropa Ittifiqini tark etgan mamlakat ma'lum muddat o‘tgach, yana qaytadan a'zo bo‘lib kirish uchun ariza berishi mumkin.

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishiga qarshi bo‘lganlar yana qaytadan referendum o‘tkazilishi lozimligini ta'kidlashmoqda. Buning uchun imzo to‘plash boshlandi. Ularning fikricha, saylovda ovoz berish xuquqiga ega bo‘lganlarning 75 foizi ishtirok etgan va ularning 60 foizidan kamrog‘i u yoki bu qarorni qo‘llab-quvvatlaganda joriy etiladigan qoidalar ishga tushirilishi lozim. Bu qoidalarga ko‘ra yana bir ovoz berish tadbirini o‘tkazish mumkin. Ayni damda mazkur petitsiyaga zarur bo‘lgan imzodan 100 mingta ko‘p, ya'ni 515 ming 811 kishi imzo chekdi.

Buyuk Britaniyaning Yevrop Itifoqi tarkibidan chiqishi borasida qabul qilingan qaror bu bosh vazir Devid Kemeronning shaxsiy xatosi oqibatida yuz berdi. Bu xaqda Tsifrli iqtisod va jamoatchilik bo‘yicha yevrokomissar Gyunter Ettinger Euronews telekanaliga bergan intervyusida ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, referendumda qabul qilingan qaror Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga zarar yetkazadi. Ya'ni Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqqan Buyuk Britaniya Yevropa umumiy bozorini ham tark etadi. To‘g‘ri, referendum tavsiya ahamiyatiga ega bo‘lib, xukumat bu masalani parlament xukmiga taqdim qilishi mumkin. Parlament esa xalq fikrini inobatga olishi yoki olmay o‘z qarorini chiqarishi ham mumkin. Shuningdek, qaytadan referendum o‘tkazilishi xam mumkin. Biroq bosh vazir Devid Kemeron Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqish borasidagi xalq fikrini inobatga olishga va'da berdi.

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifqi saflaridan chiqishi oxir oqibat Ittifoqining mustaxkamlanishiga sabab bo‘ladi. Bu xaqda Sloveniya bosh vaziri Miroslav Tserar bayonot berdi. Uning fikricha, avvaliga xalqaro moliya bozorlarida noaniqliklar kuzatilishi mumkin. Keyin esa Yevropa Ittifoqi jipslashadi va yangilanadi. Bosh vazir o‘z so‘zida Sloveniya hamisha Yevropa Ittifoqining mustahkamlanishi tarafdori bo‘lib kelganini ta'kidlab o‘tdi.

23 iyun kuni Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan referendum natijalari mamlakatning tarkibiy qismi bo‘lmish Shotlandiyada noxushlik bilan kutib olindi. Ma'lumki, Shotlandiya o‘z kelajagi Yevropa Ittifoqi bilan bog‘lanishini hohlaydi. Shu sababli Shotlandiyada Buyuk Britaniyadan ajralib chiqish masalasida yana referendum o‘tkazilish ehtimoli bor degan fikrlar o‘rtaga tashlanmoqda. Bu haqda mintaqa xukumati rahbari Nikola Sterdjyen ma'lum qildi. Eslatib o‘tamiz, 2014 yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tgan referendumda saylovchilarning 55 foizi mustaqillikka qarshi ovoz bergan edi. O‘shanda ovoz beruvchilarning ko‘pchiligi Shotlandiyaning Yevropa Ittifoqidan ajralib chiqishini xohlamagan edi. Endi aholi o‘z fikrlarini o‘zgartirshi mumkin.

Shimoliy Irlandiya xam Shotlandiyadan o‘rnak olgan holda Buyuk Britaniya tarkibidan chiqish borasida referendum o‘tkazishi mumkin. Bu xaqda Buyuk Britaniyadagi Politics First jurnalining bosh muharriri Markus Papadopulos ma'lum qildi.

Ispaniyadagi o‘ng Respeto ("Xurmat") partiyasi mamlakatda Yevropa Ittifoqiga a'zolik masalasida referendum o‘tkazilishi lozimligi yuzasidan bayonot berdi. Bu kabi referendumlar Fransiya, Niderlandiya, Avstriya, Vengriya va Finlyandiya ham o‘tkazilishi mumkinligi aytilmoqda.

O‘n bir muqaddam Yevropa integratsiya tarixida yangi jarayon boshlangan edi. 2004- 2007 yillarda Yevropa Ittifoqi chegaralari Polsha, Vengriya, Chexiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlarining qo‘shib olinishi hisobiga sharq tomon, Kipr, Bolgariya, Ruminiya, Maltaning qo‘shilishi hisobiga janub tomon kengaydi. Endi esa Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqish jarayonlari boshlangandek.

Yevropa Ittifoqiga a'zolik masalasida intihoning ibtidosimi yoki ibtidoning intihosimi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Sharofiddin To‘laganov.

Surat gursesintour.com

Mavzuga oid