Sport | 12:10 / 27.06.2016
9790
2 daqiqa o‘qiladi

O‘FF sayti O‘zbekiston milliy terma jamoasining yozdagi o‘rtoqlik uchrashuvlari haqida xabar berdi

Jahon chempionati-2018 saralashining uchinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi iyul va avgustda bo‘ladigan yig‘inlar doirasida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish borasida kelishuvga erishgan.

Samvel Babayan boshchiligidagi terma jamoaning navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvidagi raqibi Iroq terma jamoasi bo‘ladi. Iroq bilan o‘tkaziladigan nazorat uchrashuvi 24 iyul kuni, Toshketdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi avgust oyida Toshkentda yana bir o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 24 avgustda bo‘lib o‘tadigan ushbu nazorat o‘yinidagi raqib — Yaman terma jamoasi bo‘ladi. Ushbu o‘yin ham “Bunyodkor” stadionida o‘tkaziladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2018 3-saralash bosqichi o‘yinlarini 1 sentabr kuni Toshkentda Suriya terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.

Qayd etish kerakki, O‘FF sayti bu uchrashuvlar haqidagi xabar FIFA saytida xuddi shu uchrashuvlar qachon va qayerda bo‘lib o‘tishi haqida ma'lum qilinganidan 10 kun o‘tib xabar berdi.

O‘zbekiston - Iroq o‘yini Eurosport telekanalida bir oy oldin reklama qilina boshlandi.