Jahon | 09:41 / 29.06.2016
5298
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy mobil dasturlar ortidan kuzatuvni kuchaytirmoqda

Xitoyning internet-axborot ishlari bo‘yicha davlat devonxonasi mobil dasturlar ortidan nazoratni kuchaytirmoqda. Bu haqda "Xuantsyu shibao" gazetasi xabar bermoqda. 

28 iyunda chop etilgan qarorga ko‘ra, dasturlar yaratuvchilari dastur foydalanuvchilarini haqiqiy nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazish va o‘z dasturlari yordamida joylashtiriladigan axborotni monitoring qilishga majbur qilib qo‘yildilar. Xitoy qonunchiligini buzuvchi shaxslarning akkauntlari majburiy tarzda yopiladi.

Dastur ishlab chiquvchilar foydalanuvchilarning faolligi haqidagi ma'lumotni kamida 60 kun davomida saqlashlari kerak bo‘ladi. Mobil dasturlar do‘konlari egalari ularning do‘konlarida dasturlarini sotuvchi dasturchilarni qat'iyroq tekshirishga majbur qilinadilar. 

Yangi qonunlar 1 avgustdan kuchga kiradi. Qarorda ta'kidlanishicha, ular mobil internetning xitoylik foydalanuvchilarini terrorchilik, firibgarlik, pornografiya, mish-mishlar tarqalishi va ma'lumotlarning o‘g‘rilanishidan himoya qilishga yordam beradi.

2015 yil oxirida Xitoyda 688 mln internet-foydalanuvchi bo‘lgan, ulardan 620 nafari internetga shuningdek o‘z smartfonlaridan kirganlar. Ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyning mobil dasturlar do‘konlarida ayni vaqtda 4 mln dan ko‘proq dastur sotiladi.

 

Foto:© EPA/LUONG THAI LINH

 

Mavzuga oid