Jamiyat | 20:45 / 09.07.2016
15661
4 daqiqa o‘qiladi

Video: Kunduzi tish shifokori, kechqurun futbol sharhlovchisi bo‘lgan misrlik ayol hikoyasi

Manar Sarxan mijozning tishini ta'mirlab, qo‘llarini tozalab yuvdi-da, YeVRO-2016 o‘yinlariga doir yangiliklarni o‘qib, ularni tahlil qilish uchun tayyorlandi. U Misrda futbol o‘yinlarini sharhlovchi yagona va birinchi ayol hisoblanadi. Bu haqida Emirates 24/7 nashri xabar qildi

27 yoshli Sarxan har hafta CBC xususiy telekanalida futbol musobaqasi o‘yinlarini izohlaydi, sobiq futbolchilardan iborat bu makonda ayol kishining faoliyat yuritishi kamyob hodisadir.

 “Men stomatologiya sohasini kasb sifatida tanlaganman, futbol esa mening muhabbatim va borlig‘imdir”, - deydi Sarxan. 

“Dastlab men futbol o‘ynashga harakat qildim, biroq Misrda buning uchun ayollarga qulay imkoniyat yo‘q. Shu bois futbol o‘yinlarini tahlil qilishga qaror qildim”, - deydi u qabuliga kelgan bemorni ko‘zdan kechirib. 

Sarxan 2002 yildan ko‘ngilli jurnalist sifatida ishlay boshladi. Shundan so‘ng u gazeta va ijtimoiy tarmoqlardagi saytlar uchun maqolalar yoza boshladi. 

Manar Sarxan kunduzi davlatga qarashli tibbiyot markazi va do‘stining xususiy klinikasida faoliyat ko‘rsatadi. Kechqurun esa futbol o‘yinlarini kuzatib, so‘nggi yangiliklarni ko‘zdan kechiradi. 

 “Kunduzi tish shifokori, kechqurun esa futbol sharhlovchisiman”, - deya izoh beradi Sarxan jilmayib. 

Mo‘may daromad keltiruvchi stomatolog kasbiga misrliklar hurmat bilan qarashadi. Sport olamiga sharhlovchi bo‘lib kirish esa ayol kishi uchun oson bo‘lmaganligi aniq. 

Manbaga ko‘ra, Sarxanning xonasi Misr va Yevropa futbolchilarining suratlari bilan to‘lgan. 

“Avval futbolga qiziqishimni ko‘rib, ustimdan kulishardi. Hamma menga “Qiz bolaning o‘rni oshxonada” deb ta'kidlashardi”, deydi u.

Yevropaning yetakchi klublari va ularning o‘yinlari Misrda qiziqib tomosha qilinadi. Sarxan bu o‘yinlarni izohlashga usta ekanligini isbotladi. 

CBC telekanalidan Ibrohim Fayyoq dastlab Sarxanni ko‘rganida uning ayol kishi, ustiga-ustak tish shifokori ekanini eshitib, ajablanganini bildirdi. “Endi esa uni telekanaldan qo‘yib yubormaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga solaman, chunki raqiblar doim uni o‘zlariga og‘dirishga harakat qilishadi”, - deydi u. 

“Manar futbol haqida keng tushunchaga ega bo‘lib, uning futbol sharhlari o‘zgachaligi bilan ajralib turadi. Uning turli jamoalarning rejalari va taktikalarga izoh berishi meni hayratga solgan”, - deydi Fayyoq. 

Sarxanning so‘zlariga ko‘ra, uning “Real Madrid” klubiga bo‘lgan qiziqishiga Zinedin Zidan sababchi bo‘lgan. 

U biror bir o‘yinni keng qamrovli texnik tahlil qilmoqchi bo‘lsa, uni ikki marotaba ko‘rib chiqishini ma'lum qildi. 

Sarxanning futbolga bo‘lgan qiziqishi uni ispan tilini o‘rganishga ilhomlantirdi, u shu yo‘l bilan La Ligadagi o‘yinlarni asl manbalardan kuzatadi. U o‘z qarashlarini yanada boyitish maqsadida italyan va portugal tillarini ham o‘rganishni rejalashtirmoqda.

Onasining aytishiga qaraganda, Manar bolaligidan futbolga mehr qo‘ygan. “Men uning o‘z sohasida o‘qishni davom ettirishini istardim, ammo u futbol sharhlovchisi ekanligidan baxtiyor”. 

Sarxanning orzulari Misr chegarasidan tashqariga chiqib, u Ispaniyada xalqaro miqyosdagi sharhlovchi bo‘lib ishlashni xohlaydi.