Britaniyalik velopoygachi «Tur de Frans»ni tomosha qilishga kelganlardan birini urib yubordi
Britaniyalik velopoygachi Kris Frum «Tur de Frans» poygasi bosqichi vaqtida o‘ziga Kolumbiya bayrog‘ini ko‘targan holda juda yaqin kelgan muxlislardan birining boshiga zarba berib, uni yo‘l chetiga yiqitib ketdi. Bu harakati uchun unga 200 shveysar franki miqdorida jarima qo‘llangan.
Frum matbuot anjumanida bu hodisaga izoh berar ekan, "kolumbiyalik muxlisga g‘arazi bo‘lmagani", "xavfsizlik nuqtai nazaridan shu ishni amalga oshirgani" haqida aytgan.
"Marhamat qilib muxlislardan shuni so‘rayman: poygachilarga xalaqit qilmanglar. Bu orqadagi poygachilar uchun ham xavfli", degan u.
U o‘z tvitterida o‘sha vaziyatda bayroq velosipedi g‘ildiraklariga ilashib qolishi mumkin bo‘lgani haqida yozgan.
«Tur de Frans» poygalari 2 iyul kuni boshlangan, 24 iyul kuni Parijdagi Yelisey maydonida yakunlanadi.